Denov va Chiroqchi tumani hokimlari ishdan olindi

eʼlon qilindi
Shuningdek, har ikki tuman hokimining birinchi o‘rinbosarlari ham lavozimidan chetlashtirilgan
Shavkat Mirziyoyev
Foto: Prezident matbuot xizmati

Denov tumani hokimi Ilhom Abrorov va Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov ishdan olindi. Bu haqda prezident raisligidagi kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Shuningdek, har ikki tuman hokimining birinchi o‘rinbosarlari ham lavozimidan chetlashtirilgan. Denov tumanida hokimlik ishni o‘z holiga tashlab qo‘ygani aytilgan. Kambag‘al oilalar reyestriga kirgan 1 200 ta oila daromadida o‘zgarish bo‘lmagani qayd etilgan.

Shuningdek, Chiroqchi tumaniga mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 309 milliard so‘m kredit resursi berilgan bo‘lsa-da, hokimlik aholiga imkoniyatidan kelib chiqib tayyor loyihalar taqdim qilmagani bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev Uzun tumanida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha erishilgan natijalarni yuqori baholagan. Tumanda 51 ta mahalla mavjud bo‘lib, joriy yili kambag‘allikni kamaytirish va bandlik dasturlari uchun 160 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Hududga $70 mln xorijiy investitsiya keltirilgan, 47 ta korxona ishga tushgan. 300 ta servis obyektida ming nafar kishi ishli bo‘lgan. 9 ta mahalla uzumchilikka ixtisoslashtirilgan va tadbirkorlar bilan aholining kooperatsiyasi yo‘lga qo‘yilgan. 2 mingdan ortiq mikroloyiha orqali 4 ming 200 nafar fuqaro daromad topishga erishgan. Uzun tumanida kambag‘allik darajasi yil boshidagi 10,5 foizdan 3 foizgacha kamaygan

Ma’lumot uchun, Ilhom Abrorov 2023-yilning yanvarida, Fayzulla Yusupov 2023-yilning avgustida hokim lavozimiga tayinlangan edi.

Avvalroq O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasi bo‘yicha shartnoma ratifikatsiya qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek