Chegara va anklav hududlardagi 563 ta mahallaga 1 trln so‘m resurs ajratilishi belgilandi

Chegara va anklav hududlardagi 563 ta mahallaga dam olish va servis obyektlari qurish uchun 1 trillion so‘m resurs ajratilishi belgilandi. Bu haqda prezident raisligidagi kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Shuningdek, 2026-yilda mingta mahallani bog‘laydigan 200 ko‘cha tashkil etiladi. Yig‘ilishda har bir ko‘cha uchun 4 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Shavkat Mirziyoyev chegara va anklav hududlarda joylashgan 563 ta mahallaga tuman hokimlari yetarli e’tibor qaratmayotganini ta’kidladi. Mazkur mahallalarda yo‘l, infratuzilma va xizmat ko‘rsatish obyektlarini rivojlantirish orqali 50 ming xonadonning daromadini oshirish mumkinligi qayd etildi.
Masalan, So‘x daryosining Sarikanda, Rovon va Istiqlol mahallalari orqali o‘tuvchi 5 kilometr hududda kurort va ko‘ngilochar maskan tashkil qilinsa, yiliga 30 ming sayyohni jalb etish mumkin. Bu esa 200 ta oilaning daromadiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Shuningdek, sohil va yo‘l bo‘yida servisni rivojlantirish uchun 500 ta mahalla tanlab olingan. Viloyat hokimlariga yer maydonlarini auksionga chiqarish, ariq va zovurlarni yopiq tizimga o‘tkazish, kanal va yo‘l chetlarini tekislab, tadbirkorlik loyihalariga sharoit yaratish topshirildi.
Tuman banklari esa kamida 5 ta doimiy ish o‘rni yaratuvchi loyihalar uchun 1 milliard so‘mgacha kredit ajratishni yo‘lga qo‘yadi. Kelasi yilda aynan shu loyihalar hisobiga 50 ming odamni doimiy daromad manbaiga ega qilish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Aholi daromadining o‘sishi bilan ovqatlanish, turizm va savdo xizmatlariga talab kuchayib, joriy yilda 255 ta tun-u kun ishlaydigan ko‘cha ishga tushirilgani qayd etildi. U yerda 11 mingdan ortiq xizmat obyektlari ish boshlagan va 27 mingga yaqin aholi band bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 2026-yilda O‘zbekistonda 675 trln so‘mlik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi haqida yozgan edi.