Londonda o‘g‘rilar faqat iPhone smartfonlarini o‘g‘irlamoqda

Londonlik bir qator jabrlanuvchilar o‘z smartfonlari ko‘chada tortib olinganidan so‘ng, o‘g‘rilar ularning Android telefonlarini qaytarib berishgani yoki tashlab yuborishganini ma’lum qildi.
London Centric xabariga ko‘ra, jinoiy guruhlar Apple qurilmalarini qayta sotish ancha foydali bo‘lgani sababli faqat iPhone’larni nishonga olmoqda. Sakkiz kishidan iborat guruh bir erkakni to‘xtatib, uning telefonini, kamerasini va hattoki bosh kiyimini olib qo‘ygan. Lekin Samsung ekanligini bilgan so‘ng, qaytarib bergan.

Boshqa bir holatda esa velosipedda kelgan o‘g‘ri yigitning telefonini qo‘lidan yulib olib, bir necha metr yurganidan so‘ng, modelni ko‘zdan kechirgan va Android qurilmasini yerga tashlab ketgan. Bu kabi holatlar yuzasidan izoh bergan mutaxassislar va politsiya xodimlari o‘g‘rilar asosan qimmatroq va bozorda talabi yuqori bo‘lgan iPhone’lar ortidan ov qilishini tasdiqlashdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Luvrda o‘g‘irlangan taqinchoqlar ishi bo‘yicha ikki kishi hibsga olingani haqida xabar bergan edi.