
Honor Magic8 Pro 27-noyabrda xalqaro bozorda taqdim etiladi. Bu haqda GSMArena nashri xabar bermoqda.
Model 15-oktabr kuni Xitoyda namoyish etilgan edi. Global taqdimot Malayziyada o‘tkaziladi va dastlab faqat Magic8 Pro savdoga chiqariladi. Yaqin vaqt ichida smartfon Yevropaga ham yetib borishi kutilmoqda.
Taqdimotdan so‘ng 27-noyabrdan 4-dekabrgacha oldindan buyurtmalar qabul qilinadi. Shu muddat ichida ro‘yxatdan o‘tgan xaridorlarga Insta360 Ace Pro ekshen kamerasi sovg‘a qilinadi.
Xalqaro versiya Xitoydagi modeldan biroz kichikroq akkumulyator bilan farq qiladi. Magic8 Pro global talqinda 7100 mA/soat sig‘imga ega (Xitoy versiyasida 7200 mA/soat). Biroq 120 Vt quvvatli tezkor simli zaryadlash tizimi saqlab qolingan.
Honor Magic8 Pro Qualcomm Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori bilan ishlaydi. Smartfon 6,71 dyuymli OLED displey, 120 Gts yangilanish tezligi va 6000 nit yorqinlikka ega. Asosiy kamera tizimida 200, 50 va 50 MP datchiklar mavjud. Qurilma IP69K standartiga mos himoya bilan ta’minlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Honor 500 Super seriyasi eng kuchli stabilizatsiya bilan taqdim etilishi haqida yozgan edi.