
Xiaomi Auto zavodida 500 ming dona avtomobil yig‘ildi. Bu haqda kompaniya Weibo tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Xiaomi elektromobil bozoriga 2023-yil oxirida SU7 modeli bilan kirgan. Rasmiy savdo esa 2024-yil 28-mart kuni Xitoyda boshlangan. Hozir kompaniya yana bir model – Xiaomni YU7 krossoverini ham sotmoqda.
«Bu biz uchun yangi bosqich. Barcha mijozlarimizga qo‘llab-quvvatlagani uchun rahmat», – deya qayd etgan kompaniya prezidenti Lu Veybing.
Xiaomining elektromobil siyosati
Xiaomi elektromobil bozoriga qat’iy va uzoq muddatli strategiya bilan kirgan. Kompaniya o‘zining avtonom haydash tizimlari, aqlli boshqaruv platformasi va energiya samaradorligi bo‘yicha mustaqil ishlab chiqishlarga katta sarmoya kiritmoqda. Bu orqali SU7 va YU7 kabi modellar texnik jihatdan yuqori darajada bo‘lishi ta’minlanadi.
Brend narx siyosatida nazorat va bozorni egallashni ham maqsad qilgan. Xiaomi an’anaviy smartfon strategiyasini avtomobillarga ham qo‘llamoqda. Narx va sifat nisbati baland, xizmat ko‘rsatish tizimi esa iloji boricha qulay bo‘lishi rejalangan. Kompaniya elektromobillarni Xiaomi ekotizimi bilan bog‘lab, foydalanuvchilarning kundalik hayotini bir platformaga jamlashni istaydi.
Xiaomi qanday elektromobillarni taqdim etgan

Birinchi avtomobil – Xiaomi SU7. Bu model kompaniyaning elektromobil sohasidagi ilk qadami bo‘lib, 2023-yil oxirida ishlab chiqarila boshlagan. SU7 sport uslubidagi sedan bo‘lib, kuchli batareya, yuqori tezlanish va Xiaomi ekotizimiga chuqur integratsiya qilingan aqlli boshqaruv tizimi bilan ajralib turadi. Modelning standart versiyasi 73,6 kVt/soat batareyaga ega bo‘lsa, yuqori komplektatsiyada 101 kVt/soatgacha kengaytirilgan. SU7 CLTC bo‘yicha 700 kilometrdan ortiq masofa bosishi, eng kuchli versiyasi esa 0 dan 100 km/soatgacha atigi 2 soniyaga yaqin vaqt ichida tezlanishi bilan e’tibor qozongan. Xiaomi sedan ishlab chiqarishda aynan texnologik ustunlik, aerodinamika va yuqori samaradorlikka katta urg‘u bergan.
Ikkinchi model – Xiaomi YU7. Bu krossover bo‘lib, kompaniyaning elektromobil liniyasini kengaytiradi. YU7 kattaroq, qulayroq va oilaviy segmentga mo‘ljallangan avtomobil sifatida taqdim etilgan. Uning dizayni baland o‘rindiqli, salon hajmi keng va uzoq masofa bosish imkoniyati kuchli. Standart versiyalarida bitta motor o‘rnatilgan bo‘lsa, yuqori komplektatsiyalar ikki motorli, kuchliroq g‘ildirak tortish tizimi va kattaroq batareya bilan ta’minlanadi. YU7 CLTC siklida 760 – 835 kilometr atrofida masofa bosishi qayd etilgan. Bu natija uni Xitoy bozoridagi uzoq masofa bosuvchi krossoverlar ichida raqobatbardosh modelga aylantiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi SU7 2026 yangilangan ko‘rinishda ilk bor namoyon bo‘lgani haqida yozgan edi.