Toshkentdagi pullik avtoturargoh tariflarini qayta ko‘rib chiqish lozim — XDP

Toshkentda soatiga 12 ming so‘mdan joriy etilgan pullik avtoturargohlar narxi jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Xalq demokratik partiyasi rasmiy bayonot bilan chiqib, tariflar aholining daromadlariga mos emasligini ta’kidladi.
Poytaxtda 14 mingga yaqin pullik to‘xtash joylari tashkil etilgan bo‘lsa-da, kuniga mashinasini 8 soat qoldiradigan xodim uchun to‘lov 100 ming so‘mga yaqinlashmoqda. Bu oylik xarajatlar eng kam ish haqidan ham oshib ketishi mumkinligini anglatadi.
Partiya qo‘shni davlatlarda narxlar bir necha baravar arzonligini eslatib, Toshkentdagi tariflar iqtisodiy mantiq va ijtimoiy adolatga mos kelmasligini bildirdi.
Shuningdek, XDP bir qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan, tariflar aholining daromadlari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqilishi, tushgan mablag‘lar bo‘yicha to‘liq ochiqlik ta’minlanishi kerak.
Tibbiyot muassasalari, «Inson» va davlat xizmatlari markazlari oldida ma’lum vaqt bepul to‘xtash imkoniyati yaratilishi, yirik obyektlar avtoturargohlarining kamida 5 foizi imtiyozli toifalarga bepul ajratilishi va to‘xtash taqiqlangan hududlarda pullik turargohlar tashkil etilishiga chek qo‘yilishi lozim.
Pullik «parkovka»lar qachon ishga tushdi
Shu yilning may oyida Toshkent shahrida sinov tariqasida 86 ta yo‘l bo‘yi pullik avtoturargohlar ishga tushirildi.
Ushbu turdagi pullik avtoturargohlar maxsus belgi – to‘q sariq fonda «P» harfi bilan tasvirlangan. Pullik avtoturargohlardan foydalanish narxi soatiga 12 ming so‘m bo‘lib, to‘lamaganlik uchun jarima belgilanadi.
To‘lovni pullik Poytaxt Parking mobil ilovasi yoki Paynet terminallari orqali naqd pulda amalga oshirish mumkin.
Shuningdek, ko‘p qavatli uylar yonidagi pullik avtoturargohlarda rezidentlik ruxsatnomalari joriy etilishi belgilandi.
Aniqlanishicha, ruxsatnoma egalariga avtoturargoh soat 20:00 dan 08:00 gacha va bayram kunlari bepul bo‘ladi. Qolgan vaqtda umumiy tartib amal qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iyun oyida XDP taksichilik bo‘yicha tartibni bekor qilishni talab qilayotgani haqida yozgandi.