
Huawei bilan hamkorlik qiluvchi Stelato kompaniyasi yangi Stelato S9 sedanini rasman taqdim qildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Model Auto Guangzhou 2025 ko‘rgazmasi oldidan o‘tkazilgan taqdimotda namoyish qilindi. Yangi avlod S9 to‘rtta variantda sotuvga chiqdi. Narxlar 309 800 yuandan ($43,4 ming) boshlanadi va 369 800 yuangacha ($51,8 ming) yetadi.

Yangi S9 kuzovida bir qator yangilanishlar bor. Smart elektr eshiklar va elektron tashqi oynalar ham taklif etiladi. O‘lchamlari o‘zgarmagan. Uzunligi 5160 mm, eni 2005 mm, balandligi 1492 mm. G‘ildirak bazasi 3050 mmni tashkil etadi. Olti xil tashqi rang va uch xil disk dizayni mavjud.
Model aqlli haydash bo‘yicha ham yangilandi. Unda 36 ta yuqori aniqlikdagi sensor, Huawei Qiankun ADS 4 tizimi, to‘rtta LiDAR, kuchaytirilgan millimetr to‘lqinli radarlar va tashqi mikrofonlar bor.

Infotainment tizimi yangilandi. Endi markaziy panel 16,1 dyuymli ekran, yo‘lovchi uchun 12,3 dyuymli displey va MagLink Mini boshqaruv ekraniga ega. Avtomobil ichida tashqi ovozli ogohlantirish, kuchaytirilgan Sentry Mode va imo-ishora orqali proyeksiya funksiyalari mavjud.
Texnik jihatdan S9 ikkita konfiguratsiyada taqdim etildi. To‘liq elektr versiya 800V platformaga qurilgan. U RWD va AWD variantlarda taklif etiladi. 100 kVt/soatlik CATL batareyasi bilan CLTC bo‘yicha 816 km yoki 721 km masofa bosib o‘tadi. Uzaytirilgan gibrid versiya 372 km toza elektr masofasi va umumiy 1378 km yurish zaxirasiga ega. Barcha versiyalarda havo osma tizimi va moslanuvchi amortizatorlar standart tarzda qo‘llangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Huawei Aito M8 Xitoy bozorida 200 kunda 120 ming dona sotilgani haqida yozgan edi.