
Xitoyda GAC Toyota qo‘shma korxonasi tomonidan yangi avlod Toyota Wildlander avtomobili taqdim etdi. Bu haqda Autohome xabar bermoqda.
Model aslida joriy yilda yangilangan Toyota RAV4’ning to‘liq o‘xshash versiyasi bo‘lib, 9 ta komplektatsiyada sotuvga chiqqan. Narxlar $23 mingdan boshlanadi.
Yangi Wildlander Toyota’ning aqlli transformatsiya strategiyasi asosida yaratilgan birinchi benzinli modeli hisoblanadi. Mashinaga yangilangan Toyota multimedia platformasi va haydovchiga yordam beruvchi TSS 4.0 tizimi o‘rnatilgan.

Yangi model tashqi ko‘rinishda xalqaro versiyadagi RAV4 bilan deyarli bir xil. O‘lchamlari 4600×1855×1680 mm, g‘ildirak bazasi esa 2690 mmni tashkil etadi. Avvalgi Wildlander bilan solishtirganda uzunlik 65 mm qisqargan.
Salon ham RAV4 uslubida yaratilgan. Asosiy o‘zgarish — 15,6 dyuymli katta ekran. Modelda CarPlay, HiCar, Carlink tizimlari ishlaydi. U proektsion displey, simsiz zaryadlash, panoramali tom kabi qo‘shimcha opsiyalarga ham ega.
TSS 4 kompleksi kengaytirilgan adaptiv kruiz-kontrol, past tezlikda yordamchi tizim, yashirin to‘siqlar haqida ogohlantirish, avtomatik parkovka, ko‘r-ko‘rona zonalarni kuzatuvchi sensorlar va polosani almashtirishda yordamchi tizimlarni o‘z ichiga oladi.

Wildlander’ga Toyota’ning beshinchi avlod gibrid tizimi o‘rnatilgan. Unda eski nikelli akkumulyatorlar o‘rniga litiy-ion batareyalar ishlatilgan. Bu og‘irlikni kamaytirdi, quvvatni oshirdi va yonilg‘i tejamkorligini yaxshiladi. Bazaviy gibrid avvalgi benzinli versiyaga qaraganda 28 foiz tejamkor.
To‘liq yuritmali e-Four tizimi momentni 20:80 nisbatda orqa o‘qqa bera oladi. Old va to‘liq yuritma orasidagi yonilg‘i sarfi farqi atigi 0,32 l/100 km.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Toyota Corolla 2025 yangicha dizayn bilan taqdim etilishi haqida yozgan edi.