Chexiyada qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

Chexiyada huquqiy va moliyaviy muammolar tufayli og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi diplomatik vakolatxona ko‘magida vatanga qaytarildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, fuqaro 2017-yilda Polsha orqali Chexiyaga ishlash maqsadida borgan, biroq vaqt o‘tishi bilan uning biometrik pasporti amal qilish muddati tugab qolgan. Hujjat o‘z vaqtida yangilanmagani sababli u mamlakatda huquqiy maqomsiz qolib, jiddiy noqulayliklarga duch kelgan.
Keyinchalik u O‘zbekiston elchixonasining konsullik bo‘limiga murojaat qilgan va diplomatik idora xodimlari zarur huquqiy yordamni ko‘rsatgan. Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda fuqaroni vatanga qaytarish bo‘yicha barcha jarayonlar tezkor amalga oshirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyaning «Maxsus hibsxona»laridagi ikki ming o‘zbekistonlik Vatanga qaytarilgani haqida yozgandi.