Poytaxtda havo sifatini yaxshilash uchun yo‘llarga suv sepilmoqda — video

Poytaxtda yo‘llarni namlash, yashil hududlarni sug‘orish va barcha favvoralarni ishga tushirish choralari ko‘rilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, yo‘lga suv sepilganda havodagi mayda chang zarralari (PM10 va PM2.5) suv bilan aralashib, yerga cho‘kadi va havoga qayta ko‘tarilmaydi. Avtomobillar harakatidan hosil bo‘ladigan «ikkinchi darajali changlanish» ham sezilarli kamayadi.
Hokimlikka ko‘ra, yo‘llarni namlash haroratni pasaytiradi, bu esa changning havoda uzoq turishini kamaytiradi. Daraxt va butalarni sug‘orish esa o‘simliklarning changni ushlab qolish xususiyatini yaxshilaydi.
«Yo‘llarga suv sepish muammoni butunlay hal qilmaydi, ammo bir necha soat ichida chang miqdorini sezilarli darajada kamaytiradigan tezkor chora hisoblanadi», — deyiladi xabarda.
Hokimlik, bundan tashqari, issiqxonalarda reydlar o‘tkazish, qozonxonalarga filtr o‘rnatish va ekologik nazoratni kuchaytirish ishlari ham davom etayotganini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq «O‘zgidromet» poytaxtdagi yomon havo sifati yana bir necha kun davom etishini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, Toshkent va boshqa hududlarda havoning ifloslanishi yuqori darajada saqlanadi. Bunga havo sharoiti, xususan, harorat inversiyasi sabab bo‘ladi. Bu jarayonda issiq havo sovuq havoning ustida to‘planib, vertikal harakatlanish cheklanadi va ifloslantiruvchi moddalar yig‘iladi.
Gidromet xizmati aholiga ochiq havoda vaqtni qisqartirish va ko‘chaga chiqqanda niqob taqish choralarini ko‘rishni tavsiya qilgan.