1-dekabrdan O‘zbekistonda AI-80 benzini sotuvi to‘xtatiladi

eʼlon qilindi
Prezident qarori bilan
Foto: Getty Images

O‘zbekistonda 2025-yil 1-dekabrdan AI-80 benzini savdosi to‘xtatiladi. Prezidentning 18-noyabr kuni qabul qilgan qaroriga ko‘ra, ekologik toza yonilg‘iga o‘tish va havoning sifatini yaxshilash maqsadida bu turdagi benzin AYoQShlarda endi realizatsiya qilinmaydi.

Jarayonning bajarilishi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Ekologiya qo‘mitasi tomonidan kuzatiladi. Bajarilishi belgilangan ekologik chora-tadbirlar doirasida poytaxtda yuk tashuvchi avtomobillar harakati tig‘iz vaqtlarda cheklanadi.

Qurilish maydonlarida esa ish boshlanishidan oldin fon monitoring stansiyalari va onlayn kuzatuv kameralarini o‘rnatish majburiy bo‘ladi. Ushbu talablarga amal qilish «Qurilishda ekologik faoliyat standarti» orqali tartibga solinadi.

Shuningdek, 2026-yil apreliga qadar shamol yo‘nalishi va tezligini inobatga olgan holda qurilishlarni rejalashtirish bo‘yicha alohida standart ishlab chiqiladi. Endi bino va inshootlar joylashuvida shamol o‘tishi, havo aylanishi va ekologik ta’sir darajasi asosiy mezonlardan biri bo‘ladi. O‘zgidromet poytaxtdagi shamol holatini muntazam kuzatib boradi va jamoatchilikka yetkazadi.

Qarorda issiqxona xo‘jaliklarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash, mavjud quvvat va gaz tarmoqlarining texnik holatini o‘rganish hamda energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish choralari ham belgilangan. Shuningdek, mazut kabi ifloslantiruvchi yonilg‘ilardan foydalanishni cheklash bo‘yicha qonunchilik o‘zgarishlari ham tayyorlanadi.

Yil oxirigacha «Yashil Toshkent» ishchi guruhi tuziladi. Uning vazifasi poytaxtda ko‘kalamzorlashtirish hajmini oshirish, yangi yashil hududlar barpo etish va landshaft infratuzilmasini rivojlantirish bo‘ladi. Shuningdek, Toshkent shahar o‘rmon xo‘jaligi tashkil etish bo‘yicha ham hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

Respublika bo‘yicha 18 ta dendrologiya bog‘i va 15 ta botanika bog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, daraxtlarni kesish bo‘yicha qarorlar kollegial tartibda qabul qilinadi va «Yashil hudud» muassasasi faoliyati takomillashtiriladi. Ekologik jarayonlar bo‘yicha yagona onlayn platforma ham yaratiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan YI 2035-yildan benzin va dizel avtomobillariga qo‘yiladigan taqiqni yumshatishi mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek