Buyuk Britaniya: o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun 4,4 ming dollarlik ish taklif qilinmoqda

eʼlon qilindi
Overhead High Voltage Transmission Linesman yo‘nalishi bo‘yicha
Buyuk Britaniya
Foto: samot / www.depositphotos.com

Migratsiya agentligi hamda Buyuk Britaniyaning Skills Provision Ltd kompaniyasi hamkorligida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari montajchilari uchun yirik tanlov e’lon qilindi. Bu haqda agentlikning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Overhead High Voltage Transmission Linesman yo‘nalishi bo‘yicha 500 nafar mutaxassis ishga qabul qilinadi.

Tanlov doirasida nomzodlar 110 kV va undan yuqori elektr uzatish liniyalarida ishlash tajribasiga, balandlikda ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, minoralar qurilishi, ta’miri, kabel tortish, montaj qilish, texnik chizmalarni o‘qish, xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish bo‘yicha malaka muhim hisoblanadi. Ingliz tilini B2 darajada bilish va xalqaro sertifikatga ega bo‘lish ham asosiy shartlar qatoriga kiradi.

Ish rejimi mavsumga qarab o‘zgaradi: qishda haftasiga 39 soat, yozda esa 60 soat ishlanadi. Ish haqi soliqdan keyingi hisobda o‘rtacha 3400 funt sterlingni ($4400) tashkil etadi. Qo‘shimcha ish uchun alohida to‘lovlar ko‘zda tutilgan. Ish beruvchi mehnat vizasi xarajatlari, tibbiy sug‘urta va ish kunlarida kunlik 60 funtlik yashash puli bilan ta’minlaydi.

Nomzodlar ovqatlanish va transport xarajatlarining bir qismi uchun mas’ul bo‘lishadi, biroq ushbu xarajatlarning 50 foizi ish beruvchi, yana bir qismi Migratsiya agentligi tomonidan qoplab beriladi.

Ro‘yxatdan o‘tish xorijdaish.uz platformasi orqali amalga oshiriladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonlik haydovchilar Germaniyaga ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek