Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘zaro elektr energiyasi hamda suv bilan yordam berishga kelishib oldi

eʼlon qilindi
Qozog‘iston va O‘zbekiston sovuq mavsumda Qirg‘iziston Respublikasiga elektr energiyasi yetkazib berishini tasdiqladi
Foto: Qozog‘iston Energetika vazirligi

Uch davlat Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston — suv va energiya sohalaridagi hamkorlikning yangi qoidalarini kelishib oldi. 22-noyabr kuni Olmaotada bo‘lib o‘tgan uchrashuvga Qozog‘iston energetika vaziri Erlan Akkenjenov rahbarlik qildi. O‘zbekiston tomonidan hujjatga Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov imzo qo‘ydi.

Toktog‘ul suv omboridagi murakkab vaziyat sabab tomonlar qish mavsumida o‘zaro ko‘mak ko‘rsatishga qaror qildi. Qozog‘iston va O‘zbekiston sovuq mavsumda Qirg‘iziston Respublikasiga elektr energiyasi yetkazib berishini tasdiqladi. Bu orqali Qirg‘iziston elektr ishlab chiqarish uchun sarflanadigan suv miqdorini kamaytirib, Toktog‘ul omborida ko‘proq suv jamg‘arish imkoniga ega bo‘ladi.

Bahor va yozda to‘plangan suv Qozog‘iston va O‘zbekiston tomoni­ga yo‘naltiriladi. Bu esa vegetatsiya davrida ekin maydonlarini uzluksiz sug‘orish uchun zarur barqaror suv ta’minotini yaratadi.

Shuningdek, tomonlar energiyani tejash va ortiqcha iste’molni qisqartirish bo‘yicha birgalikda ishlashga kelishib oldi. Uchrashuv ishtirokchilari bu hamkorlik butun mintaqaning energetik xavfsizligini mustahkamlashini alohida ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida davlatlar qishgi elektr energiyasi yetkazib berish hajmlari hamda 2026-yil uchun suv jamg‘arish rejasini belgilovchi hujjatni imzoladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda 160 MVA quvvatga ega yangi nimstansiya qurilishi boshlangani haqida yozgandi.

Shuningdek