Ilon Mask boshqargan departament muddatidan oldin tugatildi

AQSh hukumati samaradorlik departamenti (DOGE) muddatidan oldin tarqatib yuborildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, bu tuzilmaga may oyining oxirigacha Ilon Mask rahbarlik qilgan edi. Dastlab departamentni 2026-yilning iyul oyida yopish rejalashtirilgan edi. Kadrlar boshqarmasi direktori Skot Kuporning aytishicha, DOGE faoliyati markazlashmagan tartibda davom ettiriladi yoki to‘xtatiladi. Oq uy departamentning tarqatilishi belgilangan maqsadlardan voz kechishni anglatmasligini ta’kidlamoqda.
Prezident Donald Trampning avgust oyida imzolagan farmoniga ko‘ra, departamentning yuqori lavozimli xodimlari boshqa idoralarga o‘tkazilgan. Xususan, DOGE ma’muri vazifasini bajaruvchi Emi Glison mart oyida Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirining maslahatchisi lavozimiga tayinlangan edi.
«Prezident Trampga hukumatdagi isrofgarchilik va suiiste’molchiliklarni qisqartirish bo‘yicha aniq mandat berilgan va u ushbu majburiyatni bajarishda davom etmoqda», — dedi matbuot kotibi Liz Xyuston.
Shuningdek, federal organlarga ishga qabul qilish bo‘yicha avval joriy etilgan moratoriy ham bekor qilingan.
Agentlikning qayd etishicha, DOGE’ning jimgina yopilishi Tramp ma’muriyati uni tashkil etishda qaratgan katta e’tibor va shov-shuvlarga keskin ziddir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ilon Mask Tesla uchun TeraFab loyihasini Texasda amalga oshirishni boshlagani haqida xabar bergan edi.