SCAT aviakompaniyasi O‘zbekistonning uchta shahriga reyslarni yo‘lga qo‘yadi

Qozog‘istonning «SCAT» aviakompaniyasi Turkistonning Hazrat Sulton xalqaro aeroportidan O‘zbekistonning Urganch, Buxoro va Samarqand shaharlariga yangi to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.
Turkiston – Urganch yo‘nalishi 1-dekabrdan boshlab dushanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Shu tariqa sayyohlar va ishbilarmonlar uchun qulay va muntazam transport imkoniyati yaratiladi.
Turkiston – Buxoro yo‘nalishi 2-dekabrdan boshlab haftaning seshanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.
Turkiston – Samarqand yo‘nalishida esa parvozlar 3-dekabrdan boshlanadi. Yo‘lovchilar haftaning chorshanba, juma va yakshanba kunlari uchishlari mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Centrum Air Toshkentdan Maldiv orollariga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar bergan edik.