Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi ekologik vaziyat bo‘yicha shoshilinch topshiriq berdi

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva poytaxtdagi ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan dolzarb chora-tadbirlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda Administratsiya hamda tegishli idoralar rahbarlari ishtirok etdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot kotibi.
Unga ko‘ra, yig‘ilishda so‘nggi kunlarda poytaxtda havo ifloslanishining keskin oshgani aholida jiddiy xavotir uyg‘otayotgani qayd etildi. Atmosfera havosining hozirgi holati, fuqarolar murojaatlari va jamoatchilik takliflari yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi.

Muhokamalarda havoni ifloslantirayotgan korxonalarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Odamlar salomatligi masalasida murosaga o‘rin yo‘qligi, me’yor buzilganda esa davlat va biznes uchun bir xil javobgarlik bo‘lishi kerakligi qayd etildi.
Mirziyoyeva ekspert xulosalariga tayangan holda ekologik nazoratni kuchaytirish, ifloslantiruvchi obyektlar faoliyatini cheklash, qurilish talablari va standartlarini qat’iylashtirish, shaharni keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirish hamda havo sifatini zamonaviy usullar orqali muntazam nazorat qilishga doir kompleks takliflarni ilgari surdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sanoat korxonalari atmosfera ifloslanishini ikki baravar kamaytirishi haqida yozgan edik.