Habibning 29 ming dona raqamli papaxasi Telegram auksionida sotildi

Telegram’dagi maxsus auksionda UFC afsonasi Habib Nurmagomedovga bag‘ishlangan 29 ming dona raqamli papaxa to‘liq xarid qilindi. Savdolar 22-noyabr kuni boshlanib, 23-noyabr oqshomida yakunlangan.
Auksion 290 ta besh daqiqalik raundlarda o‘tkazildi. Har bir raqamli sovg‘a o‘rtacha 10 100 «yulduz»ga sotilgan. Bu miqdor taxminan 103 TON yoki $150 ga teng. Yakuniy tushum $4,35 mln atrofida bo‘lgani qayd etilmoqda.
Telegram’dagi bunday raqamli sovg‘alar TON blokcheynida chiqarilgan cheklangan kolleksion tokenlar sanaladi. Ularni «yulduzlar» yoki Toncoin orqali xarid qilish mumkin. Shuningdek, ular tashqi platformalarda NFT ko‘rinishida ham sotuvga qo‘yiladi.
Telegram asoschisi Pavel Durov sovg‘alarning oddiy token emas, balki ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, ular an’ana, erkinlik va hurmatni ifodalaydi.
Durov sentabr oyida Lex Fridman bilan suhbatda raqamli sovg‘alar kutilganidan tez mashhur bo‘lgani, ular ijtimoiy ahamiyatga ega, qayta o‘ylangan va amaliy NFTlar ekanini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Telegram messenjerida keng ko‘lamli yangilanishlar orqali yangi imkoniyatlar taqdim etilgani haqida yozgan edi.