Turkmanistonda ikkita suv ombori qurg‘oqchilik sabab qurib qoldi

eʼlon qilindi
Bolqon viloyatida kuzatilgan qurg‘oqchilik tufayli
Mammetko‘l va Delili suv omborlari / Foto: Meteojurnal

Turkmanistonning Bolqon viloyatida kuzatilgan qurg‘oqchilik tufayli Atrek daryosining sel suvlari bilan to‘yinadigan Mammetko‘l va Delili suv omborlari to‘liq qurib qoldi. Bu haqda Meteojurnal nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2024/2025-yilning sovuq mavsumida yog‘ingarchilik yetishmasligi sabab suv omborlarida suv to‘planmagan, aksincha mavjud hajmning bir qismi kamaygan. Mintaqada bahor mavsumi ham quruq kelgani va vegetatsiya davrida suv sarfi yuqori bo‘lgani tufayli omborlar bo‘shab qolgan. Atrek daryosidan suv kelmagani, daryo yuqori oqimida suv tanqisligi va suv olish holatlari sababli omborlardagi suvning bir qismi bug‘lanish va filtratsiya yo‘li bilan yo‘qolgan.

Mammetko‘l va Delili suv omborlari monitoring natijalari

2024-yil noyabr oyining birinchi o‘n kunligi:

  • Mammetko‘l suv omborining suv yuzasi — 3,26 km²;
  • Delili suv ombori — 0,2 km².
Mammetko‘l va Delili suv omborlari / Foto: Meteojurnal

2025-yil mart oyining birinchi o‘n kunligi:

  • Mammetko‘l — 2,5 km² (keskin kamaygan);
  • Delili — 0,08 km² (deyarli qurib qolgan).

Bu davrda omborlar yangi suv to‘play olmagan, aksincha noyabr oyidagi mavjud hajmdan ham ayrilgan.

Mammetko‘l va Delili suv omborlari / Foto: Meteojurnal

2025-yil may oyining birinchi o‘n kunligi:

  • Mammetko‘l suv yuzasi — 0,65 km²;
  • Delili — to‘liq qurigan.

2025-yil iyun boshiga kelib Mammetko‘l ham to‘liq qurib qoldi.

Foto: index / Sentilen-2 L2A

Mammetko‘l suv ombori bundan oldin 2021-yil oktabrida, 2020 – 2023-yillardagi kuchli qurg‘oqchilik davrida to‘liq qurib qolgan edi. U o‘sha paytda faqat 0,3 km² dan oshmaydigan kichik suv sathlari bilan bir necha marta to‘lgan. 2023-yil avgustida tog‘larda yog‘gan kuchli yomg‘ir tufayli Atrek daryosidan kelgan toshqin suv omborni qayta to‘ldirgan.

Ma’lumot uchun, Mammetko‘l 1964-yilda ishga tushirilgan. To‘liq hajmi 20,5 mln m³ bo‘lib, foydali hajmi esa 17,9 mln m³ ni tashkil etadi. Delili esa 1970-yilda ishga tushirilgan. To‘liq va foydali hajmi 5,32 mln m³ dan iborat.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston va Turkmaniston «Shovot-Toshhovuz» qo‘shma chegaraoldi savdo zonasini ishga tushirgani haqida yozgandi.

Shuningdek