Buvayda tumanida ekoinspektorga kuch ishlatgan hokim o‘rinbosari ishdan olindi — video

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida ekologiya sohasida sodir etilgan qonunbuzarlik va zo‘ravonlik bo‘yicha rasmiy chora ko‘rildi. Holat yuzasidan viloyat hokimligi va Bosh prokuratura axborot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 25-noyabr kuni Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirov Nayman mahallasidan o‘tuvchi Nayman zovuri atrofida daraxtlarning noqonuniy kesilishini to‘xtatish uchun borgan ekologiya inspektoriga kuch ishlatib, uni voqea joyidan olib ketgan.
Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, Xizirov hokim o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, u va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi, 219-moddasi 2-qismi hamda 198-moddasi 2-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, mazkur jinoyat ishining tergovi shaxsan Bosh prokuror tomonidan nazoratga olingan. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ham holat yuzasidan jiddiy bayonot berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xovosda ikki nafar IIB xodimi pora ustida ushlangani haqida yozgan edik.