Kripto-aktivlar niqobi ostidagi yangi moliyaviy piramida aniqlandi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) internet monitoringi davomida kriptoaktivlar niqobi ostida faoliyat yurituvchi Lionsgate moliyaviy piramidasini fosh etdi.
O‘rganishlar natijasida Lionsgate loyihasi tashkilotchilarining O‘zbekiston Respublikasi hududida kriptoaktivlar aylanmasi sohasida xizmat ko‘rsatish uchun hech qanday litsenziyaga ega emasligi ma’lum bo‘ldi. Agentlik mazkur platforma moliyaviy piramida alomatlariga ega ekanligini ta’kidlamoqda.

Qonunga muvofiq, O‘zbekistonda kriptoaktivlar xizmatlari faqat litsenziyaga ega rezident yuridik shaxslar tomonidan ko‘rsatilishi shart. Ruxsat etilgan provayderlar toifasiga kripto-birjalar, mayning-pullar, kriptodepozitariylar va kriptodo‘konlar kiradi.
Agentlikning eslatishicha, 2023-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslari kriptoaktivlarni sotib olish, sotish yoki ayirboshlash amaliyotlarini faqat milliy provayderlar orqali amalga oshirishlari majburiy hisoblanadi. Ushbu tartibni buzish, ya’ni litsenziyasiz platformalar xizmatidan foydalanish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Veemine loyihasi firibgarlikda gumon qilinayotgani haqida xabar bergan edi.