Gonkongdagi ko‘p qavatli uylarda yong‘in sodir bo‘ldi: kamida 14 kishi halok bo‘lgan

Gonkongning Tai Po tumanidagi Wang Fuk Court ko‘p qavatli uylar majmuasida yuz bergan yong‘in natijasida kamida 14 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, majmuadagi sakkiz binodan yettitasi hanuzgacha yonmoqda. Undagi ko‘pchilik aholi qariyalar ekanligi aytilmoqda. Yong‘in tufayli yuqori qavatlarda qolib ketgan aholi bilan aloqa o‘rnatilgan. O‘t o‘chirish xodimlari ularga eshik va derazalarni nam sochiqlar bilan yopishni tavsiya qilgan. Olov tez tarqalgani sababli yong‘inni o‘chirish ishlari qiyin kechmoqda.
Xitoy rahbari Si Szinpin yong‘inda halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi va tegishli idoralarga yong‘in oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Shu bilan birga, halok bo‘lgan o‘t o‘chiruvchi Ho Vay-ho xotirasiga hurmat bajo keltirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha ham yong‘in to‘liq nazoratga olinmagan. Biroq o‘t o‘chiruvchilar guruhi esa yuqori qavatlardagi odamlarni qutqarish uchun bor imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliyaning Belem shahrida o‘tayotgan BMT’ning COP30 iqlim o‘zgarishi bo‘yicha muzokaralari paytida yong‘in chiqqan edi.





