
Osiyo chempionlar ligasi-2 guruh bosqichining 5-turida «Andijon» klubi Turkmanistonning «Arkadag‘» jamoasi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limida darvozalar daxlsizligi saqlanib qolindi, asosiy voqealar ikkinchi taymda yuz berdi. O‘yinning 63-daqiqasida «Andijon» futbolchisi Akinade raqib darvozasini aniq nishonga olib, hisobni ochdi. Biroq oradan besh daqiqa o‘tib, 68-daqiqada «Arkadag‘» futbolchisi Durdyev javob to‘pini kiritdi va jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

«Andijon» ushbu mavsumdagi xalqaro musobaqada noyob statistikani qayd etmoqda. Jamoa o‘tkazilgan 5 ta uchrashuvning barchasida murosa yo‘lini tanladi. Qayd etish joizki, avvalgi to‘rtta turda «burgutlar» 0:0 hisobidagi duranglarni qayd etgan edi. «Arkadag‘»ga qarshi bahs jamoaning turnirdagi ilk gollik durangi bo‘ldi.
Ayni paytda «Andijon» 5 turdan so‘ng 5 ochko to‘plagan holda o‘z guruhida 3-o‘rinni egallab turibdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Elit Osiyo chempionlar ligasida «Nasaf» imkoniyatni boy bergani haqida xabar bergan edi.