«Maxam-Chirchiq» AJ faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Tabiatni muhofaza qilish borasidagi qonun talablari ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida «Maxam-Chirchiq» AJ faoliyatida 11 ta kamchilik aniqlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, korxonada chang-gaz tozalash uskunasining samaradorligi me’yoriy hujjatlar talabiga mos kelmagani, ifloslantiruvchi moddalarning belgilangan me’yorlardan ortiq chiqarilgani, kimyoviy moddalar belgilangan hududlarda saqlanmagani, suv tarkibidagi kimyoviy moddalar me’yoridan ortiqcha chiqarilgani aniqlangan. Shuningdek, kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida to‘liq amalga oshirilmagani sababli amaldagi qonunchilik talablari buzilgani qayd etilgan.
Mazkur holatlar bo‘yicha Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi sudga murojaat qilib, korxona faoliyatini kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatishni so‘ragan.
Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining 2025-yil 26-noyabrdagi hal qiluv qaroriga muvofiq, «MAXAM-CHIRCHIQ» AJ faoliyati aniqlangan kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to‘xtatildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda issiqxonalarga qarshi tungi reydlar o‘tkazilgan edi.