O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlariga aksiz solig‘i JST talablari asosida qayta ko‘rib chiqiladi

eʼlon qilindi
2027-yil 1-yanvarga qadar
O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlariga aksiz solig‘i qancha
Foto: depositphotos.com

O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvarga qadar alkogol mahsulotlariga qo‘llaniladigan aksiz solig‘i stavkalari Jahon savdo tashkiloti (JST) standartlariga moslashtiriladi. Bu o‘zgarishlar 2026 – 2028-yillarga mo‘ljallangan budjetnomada belgilangan bo‘lib, soliq siyosati bosqichma-bosqich yagona talablarga keltiriladi.

Alkogol mahsulotlari bo‘yicha yangi aksiz solig‘i stavkalari

Hukumat sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va mahalliy hamda import alkogol mahsulotlari uchun soliq yuki farqini qisqartirishga kirishmoqda. Hujjatga ko‘ra:

  • 2026-yil 1-fevraldan aroq, konyak va boshqa spirtli ichimliklar uchun aksiz solig‘i: mahalliy mahsulotlarga — 1 litr uchun 48 ming so‘m, import mahsulotlariga — 1 litr uchun 60 ming so‘m etib belgilanadi.
  • 2026-yil 1-iyuldan esa stavkalar to‘liq tenglashtiriladi: 1 litr uchun 48 ming so‘m.

Vino va pivo uchun aksiz solig‘i

2026-yilning 1-fevralidan vino va pivo mahsulotlari bo‘yicha ham farqlangan stavkalar joriy etiladi:

  • Tabiiy vino: mahalliy — 7 ming so‘m/litr, import — 12 ming so‘m/litr;
  • Boshqa turdagi vinolar: mahalliy — 9 ming so‘m/litr, import — 15 ming so‘m/litr;
  • Pivo: mahalliy — 3 ming so‘m/litr, import — 5 ming so‘m/litr.

Shundan so‘ng 2026-yil 1-iyuldan boshlab umumiy, yagona stavkalar joriy qilinadi:

  • tabiiy pivo — 10 ming so‘m/litr;
  • boshqa pivo turlari — 12 ming so‘m/litr;
  • pivo uchun umumiy stavka — 4 ming so‘m/litr.

Etil spirti bo‘yicha

2026-yil 1-yanvardan isteʼmol va texnik etil spirtiga 1 litr uchun 15 ming so‘m stavka o‘zgarishsiz qoldiriladi. Biroq spirtning bosh fraksiyasiga aksiz solig‘i amaldagi 15 ming so‘mdan 5 ming so‘mgacha pasaytirilishi rejalashtirilmoqda.

Tamaki mahsulotlari uchun soliq yuki oshiriladi

2026-yil davomida tamaki mahsulotlari bo‘yicha stavkalar bosqichma-bosqich ko‘tariladi:

  • 1-fevraldan — sigara, chilim tamakisi, o‘rama tamaki, qizdiriladigan tamaki tayoqchalari, veyplarga;
  • 1-iyuldan — filtrli va filtrsiz sigaretlarga soliq stavkalari 7 foizga oshiriladi.

Yangi yagona stavkalar quyidagicha bo‘ladi:

  • sigaret (1000 dona) — 365 ming so‘m;
  • sigara (1 dona) — 21,5 ming so‘m;
  • chilim tamakisi / o‘rama tamaki (1 kg) — 642 ming so‘m;
  • qizdiriladigan tamaki tayoqchasi (1 kg) — 481,5 ming so‘m;
  • veyp suyuqligi (1 ml) — 2,14 ming so‘m.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda kartoshka chipslariga aksiz solig‘i solinishi mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek