Nukusda Sport gimnastikasi bo‘yicha respublika maktabi ish boshladi

Nukusda Sport gimnastikasi bo‘yicha respublika maktabi ish boshladi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
«Ishonchim komil, yangi maktab yoshlarning professional sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytiradi, iqtidorli gimnastikachilarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashadi hamda yurtimizda kuchli sport zaxirasini shakllantiradi. Bu esa, o‘z navbatida, milliy gimnastikaning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi», – deydi u rasmiy sahifasida.
Shu bilan birga, Mirziyoyeva Qoraqalpog‘istondagi Karakalpak BasaltWool zavodining rahbar va mutaxassislari bilan suhbatlashdi. Bugungi kunda zavodda mahalliy xomashyo hisobiga ishlab chiqarishni mahalliylashtirish 80 foizga yetgan. Ushbu loyiha eksport imkoniyatlarini kengaytirib, yangi ish o‘rinlari yaratishi va hududning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Prezident administratsiyasi rahbari hududga safari chog‘ida Kegeyli tumanidagi zamonaviy parrandachilik korxonasi bilan ham tanishdi. Mazkur korxona Andijon viloyati tadbirkorlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, u parranda go‘shti va tuxum ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Bu loyiha hududda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish va agrosanoatni barqaror rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Avvalroq Mirziyoyeva poytaxtdagi ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan dolzarb chora-tadbirlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani xabar qilingandi. U ekspert xulosalariga tayangan holda ekologik nazoratni kuchaytirish, ifloslantiruvchi obyektlar faoliyatini cheklash, qurilish talablari va standartlarini qat’iylashtirish, shaharni keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirish hamda havo sifatini zamonaviy usullar orqali muntazam nazorat qilishga doir kompleks takliflarni ilgari surdi.