Markaziy bankning biznes sektori bilan tizimli muloqoti yanada kuchaytirilishi kerak: Jahon banki iqtisodchisi

27-noyabr kuni Markaziy bank tomonidan «Inflatsion targetlash rejimida suzuvchi valyuta kursining ahamiyati» mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda Jahon bankining katta iqtisodchisi Pinar Yassar valyuta bozorini samarali boshqarish haqida so‘zladi.
Unga ko‘ra, mazkur tamoyillarning aksariyati O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan allaqachon qo‘llanilmoqda. Ammo Markaziy bankning biznes sektori bilan tizimli muloqoti yanada kuchaytirilishi kerak.
Valyuta bozorini qanday samarali boshqarish mumkin
Iqtisodchiga ko‘ra, birinchidan, aniq qoidalar, ya’ni kutilmagan qarorlar bo‘lmasligi kerak. Tartibsiz bozor tebranishlarida aralashuv tartibi haqida ochiq ma’lumot e’lon qilish zarur: qaysi holatda, qanday instrumentlar bilan va qanday vakolat asosida aralashiladi. Pul-kredit siyosatining asosiy vositasi — bu foiz stavkasi bo‘lib qolishi kerak.
Ikkinchidan, ma’lum bir kurs darajasini himoya qilmaslik kerak — faqat bozorning normal ishlashi himoya qilinadi. Haddan ziyod volatillik (narxlarning qisqa vaqt ichida tez va keskin o‘zgarib turishi) bo‘lgandagina aralashish kerak. Kursni yashirin yoki sun’iy himoya qilish ishonchni pasaytiradi, resurslarni isrof qiladi. Shuning uchun aralashuv faqat yumshatish uchun bo‘lishi kerak, kursni maqsadli ravishda belgilash uchun emas.
Uchinchidan, siyosatlar muvofiqlashtirilgan bo‘lishi shart. Ya’ni bu faqat markaziy bankning mas’uliyati emas. Monetar va fiskal siyosatlar uyg‘un bo‘lishi kerak. Bir tomondan fiskal siyosat qat’iy bo‘lsa, boshqa tomondan massiv kredit kengayishi bo‘lsa bu nomuvofiqlik hisoblanadi. Yoki aksincha. Shu bois Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank o‘zaro bir sahifada bo‘lishi zarur. Aks holda valyuta operatsiyalari inflyatsion maqsadlarga zid kelishi, bozorda chalkashlik keltirib chiqarishi mumkin.
To‘rtinchidan, rezervlardan foydalanish — kursni belgilab qo‘yish uchun emas, balki tebranishlarni yumshatish uchun bo‘lishi kerak. Bu borada to‘g‘ri kommunikatsiya ham juda muhim. Zaxiralarni «langar» sifatida ishlatmaslik, balki «shok yutgich» sifatida kullanish kerak. O‘zbekistonda importning qariyb 10 oylik hajmiga teng zaxiralarning mavjudligi, moslashuvchanlikdan voz kechmasdan, vaqtincha yumshatish imkonini beradi. Intervensiyalar muntazam e’lon qilinishi, ularning sterilizatsiya qilingani, vaqtinchaligi va inflyatsion maqsadlar bilan bog‘liqligi tushuntirilishi zarur.
Beshinchidan, kutilyotgan natijalarni oldindan boshqarish va faol kommunikatsiya yuritish juda muhim. So‘nggi oylarda ko‘plab tadbirkorlar menga murojaat qilib, «kursda nima bo‘layapti, nega milliy valyuta mustahkamlanmoqda?» deb so‘rashmoqda. Ular avval doimiy devalvatsiya (milliy valyutaning boshqa valyutalarga nisbatan qadrsizlanishi) sharoitiga o‘rganib qolgan. Ishchilarning maoshini so‘mda to‘laydi, daromadlarining katta qismi esa dollarda bo‘ladi. Ularga bu juda qulay bo‘lgan. Endi esa: «Nega so‘m AQSh dollariga nisbatan mustahkamlanayapti?» deyishmoqda. Ko‘plab davlatlarda aksincha holat kuzatilmoqda, shuning uchun ular Markaziy bank bozorga faol aralashyapti deb o‘ylamoqda.
«Men ularga tushuntiraman: eksport tushumlari oshmoqda, oltin narxlari yuqori, bozor kuchlari faol ishlayapti. Shuning uchun kurs mustahkamlanishi tabiiy jarayon. Ammo baribir ularning ko‘pchiligi bunga ishonmayapti. Shuning uchun Markaziy bankning biznes sektori bilan tizimli muloqoti yanada kuchaytirilishi kerak, maqsadlar va operatsiyalar bo‘yicha aniq tushuntirishlar berilishi lozim», — deydi Pinar Yassar.
2017-yilgi valyuta liberallashuvi muvaffaqiyatli bo‘lib, bozor mexanizmlariga o‘tish narxlarni aniqlashni yaxshiladi va sun’iy tebranishlarni kamaytirdi. 2019-yildan buyon esa oltin bilan bog‘liq oqimlar ta’sirini yumshatish orqali kurs rejimi ishonchliligi saqlab kelinmoqda.
Rossiya va Qozog‘iston tajribalari

Iqtisodchi o‘z nutqda Rossiyaning 2014-yildagi va Qozog‘istonning 2015-yildagi muvaffaqiyatsiz tajribalarini ham eslatdi:
- Rossiyada neft narxlari tushishi va sanksiyalar fonida Markaziy bank kursni himoya qildi, ammo katta zaxiralar yo‘qotilib, baribir erkin kursga o‘tishga majbur bo‘ldi.
- Qozog‘istonda esa 2015-yilda noaniq siyosat dollarizatsiyaning 67 foizgacha o‘sishiga olib keldi, resurslar behuda sarflandi.
Avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonga yangi soliq imtiyozlarini cheklashni tavsiya qilgani xabar berilgandi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va O‘zbekiston rahbariyati 2025-yil 17–25 noyabr kunlari uchrashuv o‘tkazdi. Unda mamlakat iqtisodiyoti, moliya, soliq, pul-kredit va boshqa muhim sohalardagi yutuq va kamchiliklar tahlil qilinib, tegishli tavsiyalar berildi.