O‘zbekistonda aliment to‘lovchi fuqarolarga chet elga chiqishga ruxsat berildi

O‘zbekistonda aliment to‘lovchi fuqarolar endi maxsus sug‘urta polisi orqali uch oygacha muddatga chet davlatlarga borib kelishi mumkin bo‘ladi. Bu tartib amaldagi nizomga kiritilgan qo‘shimchalar asosida joriy etildi.
Unga ko‘ra, aliment to‘lash majburiyati bo‘lgan shaxs sug‘urta polisini ilova qilgan holda davlat ijrochisiga murojaat qilsa, uning O‘zbekistondan chiqishi bo‘yicha vaqtinchalik cheklov to‘xtatib turiladi. Mazkur sug‘urta tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan sug‘urtalovchilar tomonidan rasmiylashtiriladi.
Bundan tashqari, davlat ijrochisi sug‘urta polisining mavjudligini Majburiy ijro byurosi orqali avtomatik tarzda tekshiradi. Sug‘urta aliment to‘lovchi shaxsning chet davlatdan qaytmagan taqdirda yuzaga keladigan majburiyatlari bo‘yicha javobgarligini qoplashga qaratilgan.
Sug‘urtaning aniq shartlari sug‘urta kompaniyalari va Majburiy ijro byurosi o‘rtasidagi bosh kelishuvda belgilab qo‘yiladi.
Ma’lumot uchun, hujjat 26-noyabrdan kuchga kirdi. Ilgari faqat ikki holatda sog‘liqni tiklash uchun chet elda davolanish zarurati tasdiqlanganda yoki yuqori davlat organlari qarzdorni rasmiy delegatsiya tarkibiga kiritganda chiqish cheklovi vaqtincha bekor qilinardi.
Avvalroq «Kursiv» nashri iyun oyida O‘zbekistonda aliment to‘lovlari miqdorini qayta ko‘rib chiqish taklif etilgani haqida yozgandi.
Shuningdek, nukuslik fuqaro farzandi uchun 2,2 milliard so‘m alimentni oldindan to‘lagandi.
Samarqandda esa alimentdan qarzdor ota shkaf ichidan topilgandi. Ma’lum qilinishicha, fuqaro farzandining moddiy ta’minoti uchun uzoq muddat aliment to‘lamagan va qarzi 60 million so‘mga yetgan. Qochib yurgani sabab unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.