O‘zbekistonda 2026-yildan mol-mulkni ijaraga berishning minimal stavkalari oshiriladi

eʼlon qilindi
2026-yil 1-yanvardan boshlab 7 foizga oshirilishi rejalashtirilmoqda
Uy-joy
Rasm SI yordamida yaratilgan

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va avtotransport vositalarini ijaraga beruvchilar uchun ijara to‘lovining eng kam miqdorlari 2026-yil 1-yanvardan boshlab 7 foizga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu taklif Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yilgi budjet loyihasida belgilangan.

Unga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulkni ijaraga berganda soliq solish uchun qo‘llaniladigan minimal stavkalar indeksatsiya qilinadi. Shuningdek, bu stavkalar ko‘chmas mulkdan tekin foydalanish shartnomalariga ham tatbiq etiladi. Faqat yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi shartnomalar bundan mustasno bo‘ladi.

Taklif etilayotgan stavkalarda, turar joy, noturar joy va transport vositalarining eng kam ijara narxlari qayta ko‘rib chiqildi. Masalan, Toshkentda turar joyning 1 kvadrat metri uchun minimal oylik ijara to‘lovi 30 ming so‘m etib belgilanmoqda. Viloyat markazlarida bu ko‘rsatkich 14,5 ming so‘mni, boshqa hududlarda esa 5,9 ming so‘mni tashkil etadi.

Noturar joylar uchun Toshkentda minimal stavka 48 ming so‘m, viloyat markazlarida 28,4 ming so‘m, qolgan hududlarda esa 11,8 ming so‘m bo‘ladi.

Transport vositalarini ijaraga berishda esa yengil avtomobillar uchun eng kam oylik ijara to‘lovi 918 ming so‘m, mikroavtobus, avtobus va yuk mashinalari uchun esa 1 mln 824 ming so‘m qilib belgilanishi taklif etilgan.

Mazkur stavkalar 2026-yildan boshlab mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan daromadlar bo‘yicha soliq hisob-kitobida qo‘llanadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri XVJ O‘zbekistonga yangi soliq imtiyozlarini cheklashni tavsiya qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek