Adliya tizimida yangi tayinlovlar: vazirga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

Prezident qarori bilan Adliya vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi. Bu haqda vazirlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, Maxmud Shuxratovich Istamov Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi.
U 1979-yilda Buxoroda tug‘ilgan, huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi. 2000-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini shu yili Adliya vazirligi tarkibidagi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasida katta maslahatchi sifatida boshlagan.
Keyingi yillarda bosh maslahatchi, bo‘lim boshlig‘i va boshqarma o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, u Huquqiy axborot bilan ta’minlash markazi rahbari, Normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishini monitoring qilish markazi bo‘lim boshlig‘i sifatida ham faoliyat yuritgan.
Tayinlovga qadar (2025-yildan) Adliya vazirining o‘rinbosari lavozimida faoliyat koʻrsatgan.
Shu bilan birga, Mirjalol Davranbekovich Allakuliyev Adliya vazirining o‘rinbosari lavozimida ish boshladi. U 1988-yilda Xorazm viloyatining Xiva tumanida tug‘ilgan.
Huquqshunoslik bo‘yicha oliy ma’lumotga ega, 1-darajali adliya maslahatchisi. 2012-yilda TDYI bakalavr bosqichini, 2014-yilda magistraturani, 2024-yilda esa Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2008-yilda Adliya vazirligi rahbariyati qoshidagi apparatning qabulxona kotibi sifatida boshlagan.
Tayinlovga qadar (2022-yildan) Adliya vazirligi Qonunchilik departamenti boshlig‘i lavozimida faoliyat koʻrsatgan.
Shuningdek, tegishli qaror bilan Rabiyev Sherzod Mirjalilovich boshqa ishga o‘tkazilgani sababli Adliya vaziri o’rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Komil Allamjonov Prezident administratsiyasining AQShdagi vakili bo‘lgani haqida yozgandi.