Baxtiyor Saidov Somalining O‘zbekistondagi birinchi elchisini qabul qildi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Somalining O‘zbekistondagi birinchi elchisi Fatxudin Ali Mohamed janoblarining ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda vazir o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi.
«Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘plab istiqbolli yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga sodiqligimizni bildirdik», – deya qayd etgan Baxtiyor Saidov.

Vazir elchining muhim diplomatik missiyasida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi hamda samarali va natijaga yo‘naltirilgan hamkorlikni birga rivojlantirishga ishonch bildirdi.
Avvalroq Saidov Serbiyaning yangi tayinlangan elchisini qabul qilgani xabar berilgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Serbiyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Momchilo Babichdan ishonch yorliqlarini qabul qildi.