AQShda noqonuniy yurgan o‘zbekistonliklar ogohlantirildi

eʼlon qilindi
Ayrim fuqarolar bir nechta haydovchilik guvohnomasidan foydalanish yoki terrorchilik faoliyatiga aloqadorlikda gumon qilinib, qo‘lga olingan
Foto: Depositphotos

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQSh hududida noqonuniy migrantlarga qarshi kuchaytirilgan tekshiruvlar boshlanganini ma’lum qildi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Axror Burxanov o‘z Telegram kanalida xabar bergan.

Unga ko‘ra, so‘nggi kunlarda AQSh bo‘ylab federal migratsiya organlari tomonidan keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda. Federal trassalarda haydovchilarning hujjatlari, haydovchilik guvohnomasining haqiqiyligi, muddati, ularning ishga ruxsatnomasi va migratsion maqomi sinchiklab tekshirilmoqda. Bundan tashqari, inspektorlar haydovchilarning ingliz tilidagi muloqot darajasiga ham e’tibor qaratmoqda.

TIV ma’lumotiga ko‘ra, ayrim fuqarolar bir nechta haydovchilik guvohnomasidan foydalanish yoki terrorchilik faoliyatiga aloqadorlikda gumon qilinib, qo‘lga olingan.

Shu bois vazirlik AQShda avtomobil boshqarayotgan o‘zbekistonliklarni barcha hujjatlarini tartibga keltirishga, haydovchilik guvohnomasining haqiqiyligini tekshirishga va mamlakatda qonuniy yashashini tasdiqlovchi hujjatlarni doimo yonida olib yurishga chaqirdi.

Agar shubhali yoki muammoli vaziyat yuzaga kelsa, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi va konsulliklariga darhol murojaat qilish tavsiya etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada migrantlarning 60 mingga yaqin patenti bekor qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek