O‘zbekistonda ipoteka bozori: tijoratlashtirish, yashil standartlar va past foizli kreditlar

eʼlon qilindi
Oxirgi yillarda uzoq muddatli kreditlar hajmi 20 foizdan 35 foizgacha oshgan
O‘zbekistonda ipoteka bozori: tijoratlashtirish, yashil standartlar va past foizli kreditlar
O‘zbekistonda ipoteka bozori: tijoratlashtirish, yashil standartlar va past foizli kreditlar / Foto: depositphotos

2020-yilda ipoteka bozori asosan Moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan rivojlangan bo‘lsa, bugun bu ulush 56 foizga tushdi. Bu haqda «Yashil va qulay uy-joy» xalqaro forumi doirasida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev ma’lumot berdi, deb xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.

Turdaliyevga ko‘ra, ipoteka bozorida Moliya vazirligi ulushining kamayishi tijorat banklarining bozorga faol kirib kelayotganini anglatadi. Oldin banklar ehtiyotkor bo‘lgan bo‘lsa, hozir ipoteka kreditlariga talab ortishi bilan ular hamkorlik va raqobat asosida ishlay boshladi. Natijada foiz stavkalari asta-sekin pasaymoqda.

O‘zbekistonda ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish kompaniyasi (UzMRC) tashkil etilgach, ipoteka bozori yanada tijoratlashdi. Kompaniya banklar uchun resurslar va yangi moliyaviy imkoniyatlar taqdim etib, kreditlar portfelining o‘sishiga yordam bermoqda. Oxirgi yillarda uzoq muddatli kreditlar hajmi 20 foizdan 35 foizgacha oshgani ham ijobiy ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi.

Yashil ipoteka: yangi bosqichga o‘tish

Yashil ipoteka: yangi bosqichga o‘tish
Yashil ipoteka: yangi bosqichga o‘tish / Foto: depositphotos

Forum doirasida O‘zbekiston uchun «yashil» ipoteka standartlarini joriy qilish bo‘yicha memorandumlar imzolandi. Ushbu tashabbus qurilish jarayonlariga energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etishga xizmat qiladi.

«Bu hujjatlar doirasida, misol uchun, O‘zbekistonda yashil uy-joylarni keyingi rivojlanish bosqichiga o‘tish rejalarimiz mavjud. Tushunish mumkinki, bizda bugungi kunda hali banklarimizning yashil obligatsiyalari mavjud, yashil obligatsiyalarni joriy qilib, keyin xalqaro moliya institutlaridan, investorlardan jalb qilinib kelinmoqda va keyingi bosqichga o‘tib boryapti», — deydi Abrorxo‘ja Turdaliyev.

Buning natijasida «yashil» uy-joylar uchun arzon moliyaviy resurslar jalb qilinib, kelajakda kvartira narxlari yanada ommabop bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, «yashil» standartlarga mos uylar bo‘yicha ipoteka kreditlarini sekuritizatsiya (kreditlarni qimmatli qog‘ozga aylantirib, investorlar orqali yangi pul olish jarayoni) qilish orqali yangi investorlarni bozorga jalb etish imkoniyati kengayadi. Bunga Sanoatqurilishbankining yashil obligatsiyalari hamda Fransiya taraqqiyot agentligi bilan amalga oshirilayotgan $30 millionlik loyihalar yorqin misol bo‘lib xizmat qiladi.

Bozordagi raqobat va ommabop kreditlar kengaymoqda

Bugungi kunda ipoteka bozorida 11 ta bank faol ishlamoqda, ammo yangi moliyaviy instrumentlar joriy etilishi bilan bu raqam oshishi kutilmoqda. Banklar sonining ko‘payishi ipoteka olish jarayonini yengillashtiradi, foiz stavkalarining pasayishiga yordam beradi va uy-joylarni aholiga yanada arzonroq qiladi.

O‘zbekistonda ipoteka bozori markazlashgan tizimdan bosqichma-bosqich tijoratlashgan, zamonaviy va ekologik yondashuvga o‘tmoqda. Yashil standartlar, arzon resurslar va banklar o‘rtasidagi raqobat aholiga qulayroq, tejamkor va ommabop uy-joy kreditlarini taqdim etishga xizmat qiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda uy-joyga egalik qilish imkoniyatlari hukumatning maqsadli subsidiyalari va ipoteka dasturlari hisobiga kengayayotgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, subsidiyalar tufayli past va o‘rta daromadli oilalar uchun boshlang‘ich to‘lovni to‘plash va foiz stavkalarini qoplash ancha yengillashdi. Aholi daromadlarining oshishi esa boshlang‘ich to‘lovning o‘rtacha daromadga nisbati kamayishiga olib keldi. Masalan, Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich 2021-yildagi 1,6 dan 2024-yilda 1,3 ga tushdi.

Shuningdek