O‘zbekistonga taqiqlangan elektron sigaretalarni olib kirganlar 200 mln so‘mgacha jarima to‘laydi

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, O‘zbekistonda muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlari va elektron sigaretalarni tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki olib chiqish jiddiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Agar bunday harakatlar katta miqdorda sodir etilsa yoki oldin ma’muriy jazoga tortilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanadi. Yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, agar shaxs aybini tan olib, muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni hokimiyat organlariga topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinadi. Qonun bilan elektron sigaretalar va ularning suyuqliklari aylanmasiga ham taqiq o‘rnatildi.
Avvalroq O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlariga aksiz solig‘i JST talablari asosida qayta ko‘rib chiqilishi xabar qilingandi. Bu o‘zgarishlar 2026 – 2028-yillarga mo‘ljallangan budjetnomada belgilangan bo‘lib, soliq siyosati bosqichma-bosqich yagona talablarga keltiriladi.