
Toshkent 2026-yilgi World Boxing kubogi final bosqichiga mezbonlik qiladi. Bu haqda Boks fedesratsiyasi Telegram kanalida ma’lum qildi.
Liverpulda bo‘lib o‘tgan jahon chempionati davomida World Boxing tashkiloti kubogining final bosqichini o‘tkazish bo‘yicha arizalar qabul qilingandi. O‘zbekiston boks federatsiyasi ham mezbonlik uchun o‘z taqdimotini World Boxing ijroiya qo‘mitasiga taqdim etdi.
Taqdimot yuqori darajada tayyorlangan bo‘lgani sababli World Boxing direktorlar kengashi uni ma’qulladi va final bosqichini o‘tkazish huquqini ishonch bilan O‘zbekistonga topshirdi.
2026-yilgi World Boxing kubogining final janglari noyabr oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Kubok uch bosqichdan iborat: birinchi bosqich aprel oyida Braziliyada, ikkinchisi esa iyun oyida Xitoyda o‘tkaziladi. Final esa Toshkentda bo‘lib, eng kuchli bokschilar g‘oliblik uchun ringga ko‘tariladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri boks bo‘yicha Jahon chempionati uchun rekord darajadagi sovrin jamg‘armasi ajratilgani haqida yozgan edi.