Noyabr oyida eng ko‘p qimmatlagan mahsulotlar ma’lum bo‘ldi

Milliy statistika qo‘mitasi noyabr oyidagi inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, oylik inflyatsiya oktabrga nisbatan tezlashgan bo‘lib, bir oyda 0,7 foizni tashkil etdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari: tuxum yetakchi, bodring narxi keskin oshdi
Noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari 1 foizga qimmatlagan. Eng sezilarli o‘sish:
- Tuxum — +2,4%;
- Sut va qo‘y go‘shti — +0,8%;
- Suyaksiz mol go‘shti — +0,5%;
- O‘simlik yog‘i va un — o‘rtacha +0,5 foizni qayd etdi.
Arzonlashgan mahsulotlar:
- Guruch — 4,5%;
- Shakar — 2,7%
- Parranda go‘shti — 1,2%;
Go‘sht narxi bir oyda yana 1–1,5 ming so‘mga oshdi.
Meva-sabzavotlar bozorida eng katta o‘sish qayd etildi:
- Bodring — deyarli 100% qimmatlashdi;
- Pomidor — +82%;
- Bulg‘or qalampiri — +61,2%;
- Baqlajon — +51,7%;
Ayni paytda sabzi, limon va piyoz narxlarida pasayish kuzatildi.
Yillik kesimda esa qo‘y go‘shti (+26,8%), mol go‘shti (+24%), limon (+65%) va sut (+7%) sezilarli qimmatlagan. Guruch (-17%) va shakar (-4,6%) narxi yillik hisobda arzonlagan.
Xizmatlar sektori: isitish va issiq suv tariflari oshdi
Noyabr oyida eng katta o‘sish kommunal xizmatlar segmentida kuzatildi:
- Isitish — +7,3%;
- Issiq suv — +9%.
Avtoturargoh xizmatlari — +2,8%, kuryer xizmatlari — +1,3%, oziq-ovqat yetkazib berish — +0,5 foizga oshdi.
Aksincha, ichki va xalqaro aviaqatnovlar narxi 1,1 foziga pasaydi. Poyezd chiptalari ham arzonlagan. Repetitorlik, til kurslari va tibbiy xizmatlarda 0,3–0,6% oralig‘ida narx o‘sishi qayd etildi. Pul o‘tkazmalari esa 1,6 foizga arzonlagan.
Sanoat mahsulotlari: benzin qimmatlab, metan arzonladi
Noyabr oyida benzin narxi o‘rtacha 1,7 foizga oshdi. Markalar bo‘yicha:
- AI-80 — +1%;
- AI-91/92 — 0,4–0,6%;
- AI-95/98 — +1%;
- AI-100 — +0,6%.
Metan narxi 0,2 foizga arzonlagan bo‘lsa-da, bir yilda 30 foizdan ko‘proq oshgan. Propan esa oy davomida 7,4 foizga qimmatlagan.
Shuningdek, mavsumiy talab tufayli palto, kurtka, etik va umumiy kiyim-kechak narxlarida ham o‘sish kuzatildi. Dori vositalari ham bir oyda 0,2%, yil boshidan beri esa 5,3 foizga ko‘tarilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda ta’lim xizmatlari o‘tgan yilga nisbatan 6,8 foizga o‘sgani haqida yozgandi.