Fond bozori: 15 ta tashkilot aksiyasi o‘sishga erishdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 21-noyabrdan 28-noyabrgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 3,22 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «Qashqadaryo texnologik transport» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 9,86 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zmetkombinat» (+6,67%) va «Hamkorbank» (+6,37%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «Trastbank» aksiyalari 19,83 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «O‘zbektelekom» (-7,86%) va «Qizilqumsement» (-5,29%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Dori-Darmon» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.
Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «Kapital sug‘urta» (435 ta bitim), «Hamkorbank» (386 ta) va «O‘zRTXB» (334 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» (4,42 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (1,06 mlrd so‘m) va «Hamkorbank» (747,49 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 16 tasi haftani ijobiy, bittasi o‘zgarishsiz, 12 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 129,50 mlrd so‘m bo‘ldi.
Bundan oldingi haftada «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da UCI fond indeksi 2,3 foizga oshgani haqida xabar berilgandi.
Ushbu davr mobaynida «Biznesni rivojlantirish banki» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 12,85 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zsanoatqurilishbank» (+7,14%) va «O‘zbektelekom» (+4,41%) imtiyozli aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.