O‘zbekistonda «Samarqand – 2028» sun’iy yo‘ldoshi ishlab chiqilmoqda

O‘zbekistonda «Samarqand-2028» sun’iy yo‘ldoshi loyihasi doirasida kosmik texnologiyalarni rivojlantirish ishlari olib borilmoqda. Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport va kosmos sohalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.
Unga ko‘ra, oktabr oyida qabul qilingan farmon va qarorlar yurtimizda zarur infratuzilma yaratish va kadrlar tayyorlash uchun sharoitlar yaratdi. Shu jumladan, 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiya tasdiqlanib, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida markaz tashkil etildi. SI texnologiyalaridan foydalanish uchun hisoblash infratuzilmasi barpo qilinmoqda. AQShning Nvidia kompaniyasi bilan hamkorlikda superkompyuter klasteri ishga tushiriladi.

Tibbiyot sohasida beshta loyiha joriy etilgan. Insult va ko‘krak saratonini aniqlashda SI yordamida diagnostika vaqti 80 foizga qisqartirilgan, hayot uchun xavfli holatlar erta aniqlanmoqda. Xorijiy hamkorlar bilan birgalikda jigar, o‘pka va prostata saratoni, infarkt va murakkab suyak sinishlarini diagnostika qilish tizimlari joriy etiladi.
Kelgusi o‘quv yilidan maktab, texnikum va oliygohlarda o‘quvchi va talabalarga SI o‘qitish boshlanadi. Informatika o‘qituvchilari tayyorlanmoqda, shuningdek, butun maktab jamoasi SIdan foydalanishga o‘rgatiladi.
Maktab ta’limi uchun SIga asoslangan platforma ishlab chiqiladi. U o‘qituvchining virtual yordamchisi sifatida ishlaydi, dars rejalarini tuzish, ma’ruza matnlari, taqdimotlar va testlarni yaratish hamda imtihon jarayonlarini nazorat qilish imkonini beradi.
Transport sohasida yo‘llardagi qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlash va temir yo‘l vagonlarining texnik holatini monitoring qilish orqali avariyalar xavfi kamaytiriladi.
Kosmik texnologiyalar sohasida «Samarqand – 2028» sun’iy yo‘ldoshi ishlab chiqilmoqda. Yo‘ldosh SI moduli yordamida yer yuzini masofaviy zondlash, havo sifatini baholash va qishloq xo‘jaligi hamda o‘rmonlarni monitoring qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iste’molchilar murojaatlari uchun yangi elektron tizim ishga tushirilgani haqida xabar bergan edik.