O‘zbekiston eksport hajmini 45 milliard dollarga yetkazadi

eʼlon qilindi
2030-yilga qadar
O‘zbekiston eksport hajmini 45 milliard dollarga yetkazadi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining eksport salohiyatini oshirish va tadbirkorlar uchun davlat xizmatlarini soddalashtirish bo‘yicha ishlar bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekiston 2030-yilga qadar eksport hajmini $45 mlrdga yetkazishni maqsad qilgan. Buning uchun an’anaviy bozorlarga cheklanmay, yuqori marjali yangi bozorlarga chiqish zarur. Tahlillar natijasida qurilish materiallari, yengil sanoat, elektrotexnika, oziq-ovqat, maishiy kimyo, mashinasozlik va metallarga oid yo‘nalishlarda eksportni oshirish imkoniyati mavjudligi aniqlangan.

Taqdimotda istiqbolli bozorlar bilan imtiyozli savdoni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish va chegara o‘tkazish punktlari infratuzilmasini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Mutasaddilar mahsulotlarimizning tashqi bozorlardagi o‘rni, talab yuqori tovarlar, xorijiy sheriklar bilan hamkorlik va eksportni diversifikatsiya qilish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Bugungi kunda 81 ta davlat idorasi tadbirkorlarga 739 turdagi xizmat ko‘rsatmoqda. Biroq 576 turdagi xizmatlar tarqoq bo‘lgani sababli tadbirkorlar idorama-idora yurishga majbur. Masalan, go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun 17 bosqichdan o‘tish va 10 ta idoraga murojaat qilish kerak. Shuningdek, buxgalteriya, soliq, eksport va sertifikatlash bo‘yicha yagona konsalting xizmati mavjud emas. Bunday xizmatlarni banklar, sug‘urta kompaniyalari, birja, brokerlar va logistika operatorlari bilan integratsiya qilish mumkinligi qayd etildi.

Taqdimotda tadbirkorlar uchun barcha davlat va xususiy xizmatlarni bir joyga jamlaydigan «Biznes hamroh» markazlarini tashkil etish taklif qilindi. Markazlarda xizmatlar «yagona darcha» tamoyili asosida, yagona elektron platforma orqali taqdim etiladi. Tadbirkorlar murojaatlariga tunu kun javob beradigan «Call-markaz» ham ishga tushiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport va kosmos sohalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishgan edi.

Shuningdek