O‘zbekiston Saudiya kompaniyasi bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuv imzoladi

O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Saudiya Arabistonining Health Resources Company (HRCO) kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik to‘g‘risida yangi kelishuv imzolandi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Kelishuvning asosiy maqsadi Saudiya Arabistonida o‘rta tibbiyot xodimi sifatida ishlashni istagan o‘zbekistonliklarni ushbu davlatga qonuniy, xavfsiz va shaffof tartibda yuborishdan iborat.
HRCO Saudiya Arabistonining sog‘liqni saqlash tizimini markazlashgan tartibda boshqarish islohotlari doirasida tashkil etilgan muhim tashkilot bo‘lib, mamlakatdagi barcha davlat tibbiyot muassasalari uchun yagona kadrlar siyosatini ishlab chiqadi va boshqaradi.
Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Saudiyada tibbiyot sohasida ishlash uchun ariza topshirgan 887 nafar nomzoddan suhbatga tayyor deb topilganlar uchun ish beruvchilar ishtirokida tanlovlar boshlandi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yildan Saudiya Arabistoni chet elliklarga ko‘chmas mulk sotib olishga ruxsat bermoqchiligi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, hukumat Vision 2030 strategiyasi doirasida ko‘chmas mulk bozorini ochishga qaratilgan qonun o‘zgartirishlarini ishlab chiqmoqda. Mazkur farmon iyul oyida imzolangan bo‘lib, kelasi yildan kuchga kirishi kutilmoqda.