
Samsung o‘zining birinchi uch buklamali smartfoni, Galaxy Z TriFold modelining sotuvga chiqish sanasini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, model joriy yil 12-dekabrda Janubiy Koreyada, keyin esa Xitoy, Tayvan, Singapur, BAA va AQSh kabi boshqa bozorlarda sotuvga chiqishi kutilmoqda.
Galaxy Z TriFold’ni xarid qilgan mijozlarga Google AI Pro’da olti oylik sinov muddati, Gemini ilovasida Veo3 bilan ishlaydigan video generatsiyasi kabi kuchli funksiyalarga, shuningdek, 2TB xavfsiz bulutli xotiraga kirish imkoniyati beriladi.
Bundan tashqari, har bir Galaxy Z TriFold xaridori displeyni ta’mirlash xarajatlariga bir martalik 50 foiz chegirma olish huquqiga ega bo‘ladi.
Galaxy Z TriFold haqida

Qurilma uch buklanuvchi konstruksiya, katta ekran va kuchli texnik imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Uning asosiy ekrani 10 dyuymli QXGA+ AMOLED bo‘lib, 120 Hz yangilanish tezligiga ega. Tashqi ekrani esa 6,5 dyuymli FHD+ AMOLED paneli bilan ta’minlangan. Qurilma buklanganida cho‘ntakka sig‘adigan o‘lchamda bo‘ladi, yoyilganida esa planshet darajasidagi katta ekranni taqdim etadi. Og‘irligi 309 gramm.
Kameralar xususiyatlari
Z TriFoldning kameralar to‘plami flagman darajasida. Orqa tomonda 200 megapikselli asosiy kamera, 12 megapikselli ultra-keng kamera va 10 megapikselli 3x optik zoomga ega telefoto kamera joylashgan. Old kameralar esa asosiy ekranda ham, tashqi ekranda ham 10 megapikseldan.
Protsessor va batareya
Smartfonni eng so‘nggi Snapdragon 8 Elite protsessori boshqaradi. Xotira hajmi 16 GB operativ xotira hamda 512 GB va 1 TB doimiy xotira variantlarida taqdim etiladi. MicroSD kartani qo‘llab-quvvatlamaydi.
Batareya sig‘imi 5600 mA·soat bo‘lib, 45 Vt tezkor va 15 Vt simsiz quvvat olishni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma boshqa gadjetlarni quvvatlay oladigan Wireless PowerShare funksiyasiga ega.
Himoya tizimi
Model IP48 himoya darajasiga ega bo‘lib, suvga va zarbalarga nisbatan ma’lum darajada chidamli. Korpusda Gorilla Glass Ceramic 2 va keramika-elyaf materiallar ishlatilgan, buklanish bo‘g‘inlari esa titan asosida mustahkamlangan. Yana 5G, Wi-Fi 7, Bluetooth 5.4, yon tomondagi barmoq izi skaneri, Knox xavfsizlik tizimi va Android 16 asosidagi One UI 8 tizimi mavjud.
Avvalroq Samsung One UI 8.5 oladigan barcha Galaxy qurilmalar ro‘yxatini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, One UI 8.5 yangilanishi Android 16 asosida ishlab chiqiladi va ilk bor 2026-yil boshida Galaxy S26 flagmanlar seriyasi bilan taqdim etilishi kutilmoqda. Muhim jihat shundaki, One UI 8.5’ni oladigan barcha qurilmalar avval One UI 8.0’ga mos keladi. Sababi ikki versiya ham Android 16 platformasiga asoslangan. Agar smartfon Android 16 va One UI 8.0’ni olishi mumkin bo‘lsa, u avtomatik tarzda One UI 8.5 yangilanishini ham qabul qiladi.