Jizzaxda 2026-yildan butlovchi qismlar validatsiyasi xarajatining 50 foizi qoplab beriladi

Jizzaxda 2026-yildan butlovchi qismlar validatsiyasi xarajatining 50 foizi Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan qoplab beriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qildi.
Prezident rahbarligidagi yig‘ilishda viloyatning respublika avtomobilsozligidagi ulushi hozir 25 foizga yetgani ta’kidlandi. Mirziyoyevga ko‘ra, endi asosiy maqsad korxonalar atrofida qo‘shimcha tarmoqlarni rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va tannarxni pasaytirishdan iborat.
Bunda Texnopark hududidagi 10 ming kvadrat metr bo‘sh bino tadbirkorlarga qulay sharoitlarda taqdim etiladi. Shuningdek, Sharof Rashidov tumani sanoat zonasidagi 118 gektar bo‘sh maydonda tayyor bino qurilib, yangi loyihalar joylashtiriladi.
Jizzax politexnika instituti boshqaruvi Vengriya universitetiga topshiriladi
Davlat rahbari institut boshqaruvi Vengriyaning Abuda universitetiga topshirilishini ta’kidladi. Unda avtosanoat bilan birga, elektrotexnika, transport, qurilish, qishloq xo‘jaligi hamda sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash yo’lga qo‘yiladi.
«Ilgari avtomobilsozlik deganda hamma faqat Asakani tushunardi. Hamkorlarimiz bilan Jizzaxda ham yiliga 175 ming avtomobil ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi», — dedi pezident.
Avvalroq Jizzaxda 290 mlrd so‘mlik yo‘l o‘tkazgich va yangi avtomobil yo‘li qurilgani xabar qilingandi. Mazkur yo‘l sutkasiga 14 mingdan ortiq avtomobil harakatini ta’minlaydi.