Kartoshka yetishtiruvchilar uchun imtiyozli kreditlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi

eʼlon qilindi
Sug‘orish nasoslariga quyosh paneli o‘rnatish xarajatining yarmi qoplab beriladi
Kartoshka yetishtiruvchilar uchun imtiyozli kreditlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi / Foto: President.uz

2026-yildan kartoshka yetishtirishni rivojlantirish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlashning yangi moliyaviy va texnik mexanizmlari joriy etilishi belgilandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Prezident Jizzax viloyatiga tashrif davomida qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish va yer resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Viloyatdagi 900 ming gektar lalmi va yaylov yerlarining 110 ming gektari zaxirada turgani, ushbu maydonlarni ozuqa va moyli ekinlar uchun yo‘lga qo‘yish orqali 20 ming kishini ish bilan ta’minlash mumkinligi qayd etildi.

Foto: President.uz

Yaylovlardan foydalanish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi. Kelgusi yildan maqsadli foydalanilgan yaylov yerlarida yer solig‘i ikki baravar kamaytiriladi. Suv nasoslari uchun elektr subsidiyasini oy boshida berish tizimini respublika bo‘yicha joriy etish zarurligi ko‘rsatildi.

Kartoshkachilikni rivojlantirishda Jizzax namuna bo‘lishi belgilandi. 2026-yildan mineral o‘g‘it, texnika va yoqilg‘i xarajatlari uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan bir yilga 12 foizli kredit ajratiladi. Kreditlarning 50 foizigacha qismi kafillanadi. Sug‘orish nasoslariga quyosh paneli o‘rnatish xarajatining yarmi, elektr xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi. Kartoshka ekish va yig‘im-terim texnikalari bojxonadan ozod qilinadi. Elita urug‘larini saqlash xarajatining 50 foizi qoplab berish mexanizmi joriy etiladi.

Foto: President.uz

Baxmalda 14 ming gektar bog‘ning 4 ming gektari eskirgani aytildi. Eski bog‘larni intensiv bog‘larga almashtirish vazifasi qo‘yildi. 2026-yilda 1,5 ming gektar maydonga sertifikatli ko‘chat ekiladi, ko‘chat xarajatining yarmi qoplab beriladi. Intensiv bog‘lar uchun 7 yil muddatga, 3 yil imtiyozli davr bilan 14 foizli kredit beriladi. Shpalerlar uchun subsidiya, muzlatkichli ombor kreditlari bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash tizimi, meva-sabzavot qadoqlash xarajatlarining 50 foizini qoplash mexanizmi belgilandi. Baxmalda bog‘dorchilik bo‘yicha tajriba maktabi tashkil etiladi.

Ekin yerlarining sotilmayotgani sabab ijara tizimini takomillashtirish topshirildi. Endilikda yerni ijaraga olgan dehqon ekin turini mustaqil belgilaydi. Takroriy auksionlarda boshlang‘ich narx 10 foizgacha pasaytiriladi. Yer ijarasidan tushgan mablag‘lar bog‘lar uchun zarur infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltiriladi.

Foto: President.uz

Shu bilan birga, Zominda AQSh hamkorligida 100 ming bosh quvvatga ega parranda naslchilik klasteri tashkil etilmoqda. Unda 9 mln dona inkubatsion tuxum ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda Aydar-Arnasoy ko‘ligacha temir yo‘l olib kelinishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek