Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani aglomeratsiyasini rivojlantirish master-rejasi ishlab chiqiladi

eʼlon qilindi
Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi va viloyat hokimligiga Yevropadan mutaxassislar jalb qilingan holda
Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani aglomeratsiyasini rivojlantirish master-rejasi ishlab chiqiladi / Foto: President.uz

Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanini yagona aglomeratsiya asosida rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqiladi. Prezident Jizzax viloyatiga tashrifi davomida qurilish, infratuzilma va ijtimoiy xizmatlarni markazdan uzoq hududlar aholisi uchun yaqinlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi va viloyat hokimligiga Yevropadan mutaxassislar jalb qilinib, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanini yagona aglomeratsiya asosida rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish topshirildi. Rejaga ko‘ra, Sharof Rashidov tumani va Jizzax shahri o‘rtasidagi 40 gektar bo‘sh maydon tanlab olinadi va keyingi yildan 1 200 xonadonli, 50 ta ko‘p qavatli uy qurilishi boshlanadi. Yangi massivda bog‘cha, maktab, shifoxona kabi ijtimoiy obyektlar, elektr, suv va yo‘l infratuzilmalari ikki hudud aholisi uchun xizmat qiladi, shuningdek, yagona jamoat transporti tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Massiv hududida yagona ma’muriy markaz qurilib, Sharof Rashidov tumanidagi barcha 21 ta davlat tashkiloti shu yerga ko‘chiriladi.

Viloyat markaziga kirish va chiqishdagi temir yo‘l kesishmalarida yuzaga kelayotgan tirbandliklarni bartaraf etish uchun 10 kmli aylanma yo‘l qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Dashtobod shaharchasi va Xovos tumani o‘rtasidagi temir yo‘l ustidan yangi ko‘prik barpo etilishi boshlandi.

Shahar shifoxonasi masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bugun Jizzax shahri Oqqo‘rg‘on mahallasida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi uchun yangi bino bilan tanishildi. Endi viloyat shifoxonasining eski binosi o‘rnida shahar markaziy shifoxonasi va poliklinikasi tashkil etiladi. Ushbu obyektni keyingi yil investitsiya dasturiga kiritib, ta’mirlash va jihozlash uchun 20 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Yig‘ilish yakunida prezident viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha oldimizda turgan vazifalarni belgilab, qarorlarni qabul qilishdan maqsad shu yerda yashab, mehnat qilayotgan aholining hayot sifatini yaxshilash ekanligini ta’kidladi. Sessiya davomida viloyat va tuman hokimlarining hisobotlari hamda faollarning fikrlari tinglandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq kartoshka yetishtiruvchilar uchun imtiyozli kreditlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek