
Mercedes-Benz kompaniyasi klassik ochiq krossover formatini tiklab, G-Class kabrioletining prototipini taqdim etdi. Bu haqda The Super Car Blog ma’lum qildi.
Kompaniya pre-seriya namunasining fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib, uni «Afsona soyadan chiqib, ko‘chalarga qaytadi. Qaytishga tayyor bo‘ling» shiori bilan ta’rifladi.
Yangi G-Class Cabriolet standart G-Wagon dizaynini saqlab qolgan bo‘lsa-da, egiluvchan mato ustki qoplamasi bilan ajralib turadi. Taqdim etilgan suratlarga qaraganda, kabriolet to‘rt eshikli versiya asosida yaratilgan. Ustki qoplamaning ochilish mexanizmi hozircha oshkor qilinmagan.

G-Class kabrioletining texnik xususiyatlari hozircha sir saqlanmoqda. Kutilishicha, avtomobil standart modeldagi dvigatel qatori, avtomatik uzatmalar qutisi va to‘liq g‘ildirakli haydov tizimi bilan jihozlanadi. Bu esa G-Wagonning xarakteristikalarini saqlash imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, oldingi avlod G-Class Cabriolet 2013-yilda ishlab chiqarishdan chiqarilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mercedes-GLB 2026 yangilangan dizayn bilan namoyish etilgan edi.