Kventin Tarantino XXI asrning eng yaxshi filmlarini ma’lum qildi

Mashhur rejissyor Kventin Tarantino «Bret Easton Ellis» podkastida chiqish qilib, 21-asrning o‘zi uchun eng yaxshi 10 ta filmini aytib o‘tdi. Ro‘yxatda birinchi o‘rinni Ridli Skotning 2001-yilda suratga olingan «Qora qirg‘iy halokati» («Black Hawk Down») harbiy kartinasini egalladi.
62 yoshli rejissyor 1993-yilda Somalidagi Mogadisho jangida halokatga uchragan «Black Hawk» ekipajining hayotiy voqealariga asoslangan filmiga alohida hurmat bildirdi. Dastlab film unga kuchli ta’sir qilganini, keyinroq qayta ko‘rishlar jarayonida uning mutlaqo ajoyib darajada ekaniga ishonch hosil qilganini bildirdi.
Tarantinoning ro‘yxatida kutilmagan tanlovlar ham mavjud. Ikkinchi o‘rinni «O‘yinchoqlar Tarixi 3» («Toy Story 3») animatsion filmi egallagan bo‘lib, rejissyor uni «deyarli mukammal film» deb atadi. Uchinchi o‘rinda Sofiya Koppolaning «Tarjima mashaqqatlari» («Lost in Translation») filmi joylashgan.
Ro‘yxatga yana bir harbiy film, Kristofer Nolan rejissyorligidagi «Dunkirk» («Dunkirk») to‘rtinchi bo‘lib kirdi. Garchi Tarantino bu filmni birinchi marta ko‘rganida yoqtirmagan bo‘lsa-da, qayta-qayta ko‘rishdan keyin unda haqiqiy mahorat borligini anglab yetgan.
Kventin Tarantinoning 21-asrning eng yaxshi 10 ta filmi:
- «Qora qirg‘iy halokati» («Black Hawk Down») 2001
- «O‘yinchoqlar tarixi 3» («Toy Story 3») 2010
- «Tarjima mashaqqatlari» («Lost in Translation») 2003
- «Dunkirk» («Dunkirk») 2017
- «Neft» («There Will Be Blood») 2007
- «Zodiak» («Zodiac») 2007
- «To‘xtatib bo‘lmaydigan» («Unstoppable») 2010
- «Telba Maks: G‘azab Yo‘li» («Mad Max: Fury Road») 2015
- «Shon ismli zombi» («Shaun of the Dead») 2004
- «Yarim tunda Parijda» («Midnight in Paris») 2011
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Hayvonlar shahri 2» filmi dam olish kunlarida 556 mln dollar yiqqani haqida xabar bergan edi.