Budjet profitsiti bizga kredit berilmagani uchun bo‘lgan — Qo‘chqorov

eʼlon qilindi
Uning fikriga ko‘ra, taqchillikni YIMga nisbatan foizda baholash kerak
Jamshid Qo‘chqorov
Foto: Oliy Majlis matbuot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2026-yil davlat budjeti loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Majlisda Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov budjet taqchilligi va davlat qarzi bo‘yicha izoh berdi.

Qo‘chqorovning aytishicha, budjet taqchilligining so‘mda o‘sishi real vaziyatni to‘liq aks ettirmaydi. Uning fikriga ko‘ra, taqchillikni YIMga nisbatan foizda baholash kerak.

«2023-yilda taqchillik YIMga nisbatan 5 foiz bo‘lgan. Lekin 2026-yilda misol uchun, 59 trln bo‘ladigan bo‘lsa, 2023-yildagidan ko‘proq ko‘rinadi. Lekin buni YIMga nisbatan olinishi real hisobni ko‘rsatadi», — dedi u.

Vazir daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi farq faqat nominal summa emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muhim ko‘rsatkich – taqchillikning YIMdagi ulushi.

Qo‘chqorov budjet taqchilligi bevosita qarz olish zarurati bilan bog‘liqligini eslatdi.

Vazir hukumat tashqi qarz olish chegarasini pasaytirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Joriy yilda tashqi qarz jalb qilish limiti $5,5 mlrd bo‘lsa, kelasi yili bu ko‘rsatkichni $5 mlrddan oshirmaslik taklif qilinmoqda.

Videodan ekran tasviri

Qo‘chqorov davlat budjeti uzoq yillar profitsit bilan bajarilgan davrga ham to‘xtaldi. U bu holat samaradorlik emas, balki kredit olish imkoni bo‘lmagani bilan bog‘liq bo‘lganini aytdi.

«Budjet taqchilligini moliyalashtirishga hech kim bizga kredit bermagan. Men buni rasmiy aytishim mumkin», — dedi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha yillarda islohotlar yetarli bo‘lmagan, so‘m erkin konvertatsiya qilinmagan, soliq siyosati ham boshqacha bo‘lgan. Shu sabab xalqaro kreditorlar O‘zbekistonga qarz ajratmagan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi (korporativ sektor qarzisiz) 1-oktabr holatiga qariyb $44 mlrdni tashkil etmoqda. Bu YIMga nisbatan 32,3 foizga teng. Yil boshidan buyon qarz hajmi qariyb $3,8 mlrdga oshgan bo‘lsa-da, o‘sish sur’atlari sekinlashgani ko‘rsatilgan.

Qo‘chqorov avval ham iqtisodiyotning o‘sishi yirik investitsiyalarni talab qilishini ta’kidlagan edi. Uning aytishicha, tashqi qarz o‘rtacha darajada saqlanmoqda va asosan infratuzilma, ijtimoiy va boshqa sohalarni rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Jamshid Qo‘chqorov mamlakat iqtisodiyoti 2025-yilda 7 foizga o‘sishini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek