2026-yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining real o‘sishi 6,6 foiz etib prognoz qilinmoqda

eʼlon qilindi
2026-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilindi
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

3-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining real o‘sishi 6,6 foiz etib prognoz qilinmoqda. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YIM hajmi $4,6 darajaga yetishi kutilmoqda. Sanoatda o‘sish 6,4%, qishloq xo‘jaligida 4,2%, bozor xizmatlarida 14,5%, qurilish sohasida esa 10,2% bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Shu bilan birga, inflyatsiya darajasi pasayishi prognoz qilinmoqda.

2026-yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 515,4 trln so‘m, xarajatlar esa 567 trln so‘m miqdorida belgilanishi rejalashtirilgan. Budjet taqchilligi YIMga nisbatan 3% darajasida bo‘lishi kutilmoqda. Tashqi qarz bo‘yicha cheklov ham qisqartirilib, uning maksimal hajmini $5 mlrd etib belgilash taklif etilgan.

Parlament a’zolari pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalarni inflyatsiya darajasidan yuqori sur’atda bosqichma-bosqich oshirish siyosatini davom ettirishni qo‘llab-quvvatladi. Bu aholi farovonligini oshirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Loyihaga muvofiq, 2026-yilda ijtimoiy sohaga 220 trln so‘m yo‘naltiriladi. Bu umumiy budjet xarajatlarining qariyb 55% ini tashkil etadi. Moliya taqsimotiga ko‘ra, ta’lim va ilm-fanga 25,5%, sog‘liqni saqlashga 12,1%, ijtimoiy himoyaga esa 4,2% ajratilishi nazarda tutilgan. Mazkur mablag‘lar ta’lim sifati oshirilishi, tibbiy xizmatlar tizimi rivojlantirilishi va aholiga ijtimoiy yordam kengaytirilishini ta’minlashi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Jamshid Qo‘chqorov mamlakat iqtisodiyoti 2025-yilda 7 foizga o‘sishini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek