
1968-yil Mexiko shahrida o‘tgan Yozgi Olimpiada o‘yinlarida boks bo‘yicha og‘ir vazn chempioni Jorj Formanga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan oltin medal auksion savdosiga chiqarildi. Bu haqda Lelands auksion uyi saytida ma’lum qilindi.
Jorj Forman Olimpiada oltin medalini sport faoliyatidagi eng katta yutug‘i sifatida baholagan. U turnirda 1/8 finalda polshalik Lyutsian Trela ustidan ochkolar bo‘yicha 4:1 hisobida g‘alaba qozongan. Chorak finalda ruminiyalik Ion Alege bilan jang 3-raundda hakam tomonidan to‘xtatilgan. Yarim finalda italiyalik Jorjo Bambinini 2-raundda nokaut qilgan. Finalda esa Sovet Ittifoqi vakili Jonas Sepulisni 2-raundda texnik nokaut bilan mag‘lub etib, og‘ir vaznda Olimpiada chempioniga aylangan.
G‘alabadan so‘ng Jorj Forman ring bo‘ylab AQSh bayrog‘ini ko‘tarib aylangani o‘sha Olimpiada tarixidagi eng esda qolgan lahzalardan biri bo‘lgan. U 1969-yilda professional boksga o‘tgan. 1973-yil 22-yanvarda Jo Freyzerni 2-raundda nokaut qilib, jahon chempioni bo‘lgan. Chempionlik kamarini ikki marta himoya qilgan. 1974-yilda Zairda bo‘lib o‘tgan jangida Muhammad Aliga yutqazgan.
Hozirga qadar savdoga 11 ta taklif berilib, joriy narx $6,5 mingga yetdi. Savdo yakuniga uch kundan ortiq vaqt qolmoqda.
Esklatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Titanik yo‘lovchisining soati auksionda 2,24 mln dollarga sotilgani haqida yozgan edi.