
Hongqi yangi Hongqi E702 elektromobilining dastlabki prototipini ishlab chiqarishdan chiqardi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
P601 loyihasi doirasida ishlab chiqilgan avtomobil FAW Group’ning konstruksiya va sinov markazida yig‘ib bo‘lingan. Ushbu model Hongqi’ning 9-seriyadagi yuqori toifali elektromobil liniyasiga mansub bo‘lib, brendning New Energy sub-brendi ostida bozorga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Prototipning tayyorlanishi modelni sinov va sozlash bosqichiga o‘tganini tasdiqlaydi. Muhandislar elektr tizimlarni sozlash jarayoniga alohida e’tibor qaratgan. Yuqori kuchlanishli tizimni ishga tushirish ishlari 10 kun ichida yakunlanib, stend sinovlari bo‘yicha rekord ko‘rsatkich qayd etildi.
E’lon qilingan dastlabki rasmiy tasvirlarga ko‘ra, Hongqi E702 brendga xos dizayn uslubini saqlab qolgan. Old qismda New Energy logotipi, o‘roq shaklidagi LED faralar, ular orasini bog‘lovchi V ko‘rinishidagi radiator panjarasi hamda yoritkich bloklariga integratsiyalangan lidar datchiklari joylashtirilgan. Yon tomonlarda esa elektron kamera-ko‘zgular ishlatilgan.
Kuzov bo‘ylab uzluksiz yon chiziq, aerodinamik kattalashtirilgan disklar, yashirilgan eshik tutqichlari, yashirin B-ustun hamda ramkasiz oynalar ko‘zga tashlanadi.

Muhandislar avtomobilni katta trassalar bo‘ylab mustaqil harakatlana oladigan darajaga yetkazishni rejalashtirmoqda. Tizim avtomatik yo‘l bo‘lagi almashtirish, estakadaga chiqish va tushish, marshrutni sun’iy intellekt yordamida mustaqil rejalashtirish kabi funksiyalarni bajaradi. Sinovlarda inson aralashuvi har 100 kmda 0,5 martadan kam qayd etilgan.
Texnologik jihozlar orasida 7.1.4 formatidagi 2 800 Vt quvvatli Dolby Panoramic Audio audiotizimi, aqlli xavfsizlikka ega intellektual shassi, shuningdek, har daqiqada 5 GB ma’lumot uzata oladigan OTA yangilanish tizimi mavjud.
Hozircha Hongqi E702’ning narxi va bozorga chiqish vaqti e’lon qilinmagan. Prototip sinov bosqichida qolmoqda. Model Xitoyda o‘rta va yuqori toifadagi elektromobil sedanlar segmentida yetakchi o‘rinlar uchun mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Hongqi HS6 gibrid modeli 2327 km masofani bosib o‘tgani haqida yozgan edi.