Tramp «Amerika ovozi»ning xorijdagi ofislari va radiostansiyalarini yopmoqda

Donald Tramp ma’muriyati davlat tomonidan moliyalashtiriladigan «Amerika ovozi» radiostansiyasi faoliyatini qisqartirishni davom ettirmoqda. Bu haqda The New York Times xabar bermoqda.
O‘tgan hafta Kongressga yuborilgan rasmiy xabarnomada hukumat «Amerika ovozi»ning oltita xorijdagi byurosi hamda to‘rtta marketing ofisi yopilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Ushbu qaror federal sud aprel oyida chiqargan hamda tahririyat ishini to‘liq tiklashni majburiy tartibda talab qilgan qarorga zid kelmoqda.
«Amerika ovozi» bosh tashkiloti — U.S. Agency for Global Media rahbari va Trampning ittifoqchisi Kari Leyk 25-noyabr kuni Senatga yo‘llagan maktubida Indoneziyaning Jakarta shahri, Pokistonning Islomobod shahri, Keniyaning Nayrobi shahri va Chexiyaning Praga shahridagi ofislar yopilishi rejalashtirilayotganini bildirgan.
Ushbu tashabbus Tramp ma’muriyatining so‘nggi oylar davomida davlat hisobidan moliyalashtiriladigan xalqaro axborot vositalarini yopishga qaratilgan kengroq siyosatining bir qismi hisoblanadi. Prezident mart oyida «Amerika ovozi» faoliyatini cheklash bo‘yicha dastlabki qadamlarni qo‘ygandi.
Mart oyigacha «Amerika ovozi» haftasiga 360 mln kishiga 49 tilda axborot yetkazib kelgan. Hozir esa kanal faoliyati keskin qisqargan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Ilon Mask «Ozodlik radiosi» va «Amerika ovozi»ni moliyalashtirishni to‘xtatishni taklif qilgani haqida yozgan edi.